Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Rossiyani aybladi

AQSh Rossiyani aybladi

Ikkinchi turda amaldagi prezident va sobiq prokuror prezidentlik uchun kurashadi.

AQSh Rossiyani Moldovada 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovga turli yo‘llar bilan aralashish hamda fuqarolarning suveren huquqidan foydalanishga to‘sqinlik qilishda aybladi.

Davlat kotibi Entoni Blinken bayonotida Moskva Moldovada o‘tadigan prezidentlik saylovining ikkinchi turiga ham aralashishi mumkinligi borasida xavotir bildirilgan.

«Rossiya Moldovada saylov va referendumni buzish, demokratiyaga zarba berish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga soldi. Jumladan, noqonuniy moliyalash, ovozlarni sotib olish, dezinformatsiya va kiberhujumlar uyushtirdi», – deyiladi AQSh bosh diplomati bayonotida.

Blinkenga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Moldovani «xavfsiz, farovon va demokratik kelajak» yo‘lida qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi prezident Mayya Sandu 42,45 foiz, uning asosiy raqibi, mamlakat sobiq prokurori  Aleksandr Stoyanoglo 25,98 foiz ovoz oldi.

Nomzodlarning birortasi g‘alaba uchun yetarli ovoz yig‘a olmagani uchun 3 noyabr kuni saylovning ikkinchi turi o‘tkaziladi.

20 oktyabrda Moldovaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasi masalasi ham ovozga qo‘yildi. Referendumda qatnashgan elektoratning 50,38 foizi Kishinyovning yevrointegratsiya siyosatini yoqladi.

Avval xabar berganimizdek, prezident Mayya Sandu saylov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng jinoiy to‘dalar xorijdagi kuchlarning o‘nlab mln yevro ko‘magi bilan Moldovada boshboshdoqlik va tartibsizlikni yuzaga keltirishga uringani haqida bayonot bergandi.

AQSh o‘tgan yili ham Rossiya razvedkasiga aloqador shaxslar Moldovada ommaviy namoyishlar o‘tkazish orqali hukumatni ag‘darish va davlat tepasiga kremlparast ma’muriyatni keltirishni ko‘zlayotganidan ogohlantirgandi. Vashingtonga ko‘ra, Kreml YeI bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilayotgan Sandu hukumatini zaiflashtirishga urinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring