Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

Eron va O‘zbekiston: otni qamchilash vaqti keldi

Joriy yilning 18-19 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tehron shahriga bordi. Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Ibrohim Raisiy ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida Qo‘shma bayonotni imzoladi.

«Xabar.uz» ushbu mavzuda siyosatshunos Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.

– Suhbatga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida bir ma’lumot o‘qib qoldim. So‘nggi bor O‘zbekiston rahbari Eronga 2003 yilda rasmiy tashrif bilan borgan ekan. Suhbatimizni O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning yaqin tarixidan boshlasak.

– Keling, birinchi navbatda Eron Islom Respublikasi haqida qisqacha gapirib o‘tsam. Eron juda ham qadimiy davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan davlat. Eron Yaqin Sharq mintaqasida Usmonli imperiyasi va boshqa imperiyalar parchalanganidan so‘ng paydo bo‘lgan davlat emas. Eron shunga yarasha tashqi siyosat olib boradi. Biron boshqa davlat Eron bilan munosabat o‘rnatayotganda mana shu tarixiy aspektlardan kelib chiqib, u bilan aloqa o‘rnatadi.

O‘zbekiston Eron bilan 1992 yilda dastlabki munosabatlarni o‘rnatgan. Birmuncha vaqt o‘tgach Toshkentda Eronning elchixonasi ochilgan va 1995 yilda Eronda O‘zbekiston elchixonasi o‘z faoliyatini boshlagan. Mana shundan keyin ikki davlat o‘rtasida o‘zaro munosabatlar boshlangan.

1992 yilda O‘zbekistonning birinchi rahbari Islom Karimov Eronga borib, dastlabki diplomatik aloqalarni o‘rnatib, 50 dan ortiq ikki tomonlama munosabatlarga asos bo‘luvchi hujjatlarni imzolab kelgan. Hozirgi kungacha shu hujjatlar asosida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar shakllandi. Eron bilan asosan munosabatlarimiz savdo-iqtisodiy bo‘lgan. Ya’ni, O‘zbekiston va Eron o‘rtasida konservativ munosabatlar shakllangan.

Bugun dunyodagi geosiyosiy holat shundayki, mamlakatlar bir-biri bilan muloqot qilishi, muammolarga birgalikda yechim izlashi kerak. Hozir dunyodagi ayrim kuch markazlarida holat o‘zgarmoqda. Bu vaziyatda mintaqada endigina rivojlanayotgan davlatlar o‘zining kelajakdagi mustahkam poydevorini o‘rnatib olishi kerak.

Respublikamizning 2016 yildagi tashqi siyosatidagi o‘zgarishlari bugun shunday pallaga keldiki, O‘zbekiston faqat kuchli davlatlar bilan emas, balki mintaqada o‘ziga madaniy va diniy yaqin bo‘lgan mamlakatlar bilan muloqotni kuchaytirish bosqichiga keldi. Bunday muloqot har ikki tomon uchun kerak. Hatto, aytish mumkinki, bu aloqalar har ikki davlat uchun suv va havodek zarur. Mana shunday vaziyatda ikki davlat o‘zaro yaqinlashmoqda.

Yuqorida aytganimdek, Eron yaqin 100 yillik ichida paydo bo‘lib qolgan davlat emas. Hatto, bir vaqtlar G‘arb mustamlakasi bo‘lgan bir vaqtda ham, bu davlat o‘zining so‘ziga va o‘rniga ega bo‘lgan. Ya’ni, tarixini saqlab qola olgan! Mana shu omil, bugun bu davlat bilan hisoblashish kerak ekanligini va muloqot qilish kerakligini anglatadi.

– O‘zbekiston rahbarining Eronga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad nima edi?

– Hozir Markaziy Osiyo geosiyosiy o‘zgarishlar davrida. Bizga ma’lum bo‘lgan kuchli davlatlar boshqa siyosiy jarayonlar bilan band bo‘lib turgan bir vaqtda, izolyasiya holatidan chiqib ketishi vaqti keldi. Pragmatik siyosat yurituvchi va kelajakni ko‘ra biladigan davlatlar bunday imkoniyatdan foydalanishi kerak. Ya’ni, dunyo geosiyosiy kuch markazlari boshqa bir masala bilan band bo‘lib turganida, vaziyatga qarab tashqi siyosat yuritishimiz va otni qamchilab qolishimiz lozim. O‘zbekiston shundan foydalanmoqda.

O‘zbekiston so‘ngi vaqtlarda dunyo davlatlari, arab davlatlari va mintaqa davlatlari bilan munosabatlarga faol kirishmoqda hamda o‘ziga yaqin bo‘lgan Eron bilan ham aloqalarni mustahkamlamoqda. Sizda «nega aynan hozir», degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bilamizki, Eron bir necha yillardan buyon izolyasiyada. 1979 yilda Eronda Islom inqilobi ro‘y berganidan keyin Yevropa va AQSh bilan munosabatlar buzildi. Hozirda Eron sanksiyalar va iqtisodiy cheklovlar girdobida yashab kelmoqda. Bir tomondan bunga qoyil qolish kerak. Hamma davlatning ham iqtisodi bunga dosh bera olmaydi.

– Eron deyarli 40 yildan beri iqtisodiy cheklov ostida ekan.

– Eng qizig‘i, Eron sanksiyalarga qaramay rivojlanmoqda. Bu tajribani o‘rganish kerak. Qanday qilib bunday izolyasiya sharoitida rivojlanish mumkin? Siz bunga katta miqdordagi energiya resurslari sabab bo‘lgan, deyishingiz mumkin. Lekin boshqa energiya resurslari bo‘lgan davlatlarning hozirgi ahvolini ko‘rib turibmiz. Misol uchun, Yaqin Sharq davlatlarining ayrimlari barqarorlikni saqlab qola olmadi. Eron bo‘lsa, qanday qilib bo‘lsa-da, barqarorlikni saqlab qolmoqda. Hatto, o‘zining so‘zini aytishga intilmoqda va butun dunyo Eronning siyosiy pozitsiyasini kuzatib boryapti. Demak, o‘zini so‘ziga ega bo‘lgan sub’yekt sifatida biz u bilan munosabatga kirishimiz kerak. Umumiy manfaatlarimiz ko‘p.

Yana bir narsani aytish kerakki, Eron tashqi ko‘rinishdan baquvvat davlat sifatida ko‘ringani bilan uning aholisi ham, hukumati ham sanksiyalardan charchagan. Hozir Eron hukumati shu iqtisodiy cheklovlardan qutilish harakatida. Ammo Eron G‘arbga emas, Sharqqa qarab intilmoqda. Eron rivojlanish bosqichining navbatdagi bosqichiga chiqishi uchun unga kuchli siyosiy o‘yinchilar kerak. Hozirda bunga nomzodlar Rossiya va Xitoy bo‘lib turibdi.

Bugun Rossiyaning muammolari ko‘p. Shuning uchun Eron asosiy e’tiborni Janubiy Sharqiy Osiyo mintaqasiga qaratmoqda. Bu yerda Xitoy, Hindiston va Pokiston kabi qudratli mamlakatlar bor. Eron bu mintaqaga Markaziy Osiyo davlatlarisiz o‘ta olmaydi. Shu nuqtai nazardan olganda Eron uchun Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston juda muhim ahamiyatga ega. Eron o‘zining iqtisodiy kelajagini Xitoy, Hindiston va Pokiston bilan ko‘rmoqda. Shu sababli Eron Markaziy Osiyoni o‘rtada tranzit qilib, umumiy yo‘lak yaratmoqchi va izolyasiyadan chiqmoqchi. Bu izolyasiyadan chiqish Markaziy Osiyosiz bo‘lmaydi.

Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlardan biri – bu Eron. Ayrim davlatlar bu loyihaga ehtiyotkorlik bilan qarayotgan bo‘lsa, Eron bu loyihani tezlashtirish niyatida. Chunki bu loyiha orqali Eronga yangi «kislorod» ochiladi va ushbu loyiha doirasida o‘tkaziladigan temir yo‘l Markaziy Osiyo orqali Eronga keladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham bu loyiha juda muhim. Chunki O‘zbekiston ham geografik nuqtai nazardan izolyasiyadagi mintaqada joylashgan. Bir dona mahsulotimizni chet elga eksport qilish uchun, kamida 2 ta davlatni bosib o‘tishimiz lozim. Buni ustiga dengizga chiqish yo‘limiz ham yo‘q! Bizga eng yaqin dengiz portlari: Pokistondagi «Karachi» va Erondagi «Bender Abbas» portlari hisoblanadi.

– Demak, Eron logistika nuqtai nazardan bizga juda muhim davlat?

– Eron biz uchun juda muhim! Tasavvur qiling, bizni iqtisodiyotimiz juda kuchayib ketdi. Hamma narsani ishlab chiqarsak, lekin uni tashqariga sota olmasak, iqtisod o‘z-o‘zidan qulaydi. Shuning uchun, biz ishlab chiqarishni kuchaytirish barobarida, uni chetga sotish infrastrukturasini ham o‘ylab ketishimiz kerak. Bu masalada Turkmaniston orqali Eronga chiqish biz uchun eng qulay yo‘l. Biroq Eronda bu masalada bir qancha muammolar bor. Masalan, Eronning mashhur bo‘lgan 2 ta porti asosan dengizga mo‘ljallangan. Ya’ni, dengizdan mahsulotlarni qabul qilib, yana dengizga chiqarib yuboradi. Eronning quruqlik infrastrukturasi yaxshi rivojlanmagan. Shuning uchun Eron Xitoyning loyihasi orqali o‘zidagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini shakllantirib, quruqlikdagi logistikani rivojlantirmoqchi. Bu orqali Eron Yaqin Sharq va Yevropa hamda Markaziy Osiyo va Xitoy uchun tranzit hududga aylanmoqchi. Xuddi, Turkiya kabi. Chunki mahsulot ishlab chiqargandan ko‘ra, tranzit xizmatini ko‘rsatish ko‘proq foyda olib keladi. Sababi, siz bunga kamroq pul sarflaysiz. Bu uchun Eron geografik nuqtai nazardan juda qulay hududda joylashgan. Bundan tashqari, Eron Xitoyning Yaqin Sharqqa kirib kelishi va G‘arb tomon yurishida eng muhim vosita. Shuning uchun ham Eron Markaziy Osiyoga intilmoqda va O‘zbekiston bilan munosabatlarni shakllantirishga harakat qilmoqda. Biz ham shu jarayondan foydalanishga harakat qilyapmiz.

– Eron bugun G‘arb davlatlarining qora ro‘yxatiga tushgan. U bilan yaqin hamkorlik bizni ham qora ro‘yxatlarga tushirib qo‘ymaydimi?

– Bilasizmi, hozir muloqot olib borib, milliy manfaatlar uchun harakat qiladigan vaqt. O‘zbekiston shu harakatlarni amalga oshirmoqda. Ko‘ryapsizki, O‘zbekiston Prezidenti Yevropaning eng kuchli davlat rahbarlari bilan ko‘p uchrashmoqda. Albatta, bu uchrashuvlarda siz aytgan masalalar muhokama qilinadi.

Bilasizmi, G‘arb davlatlari ham Eron uchun ochilishga harakat qildi. Chunki Yevropaga Eronning energiya resurslari kerak. Eron ham Yevropaga yaqinlashishni istaydi. Ma’lum bir vaqt Yevropa va Eron o‘rtasida yaxshi loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Lekin bu yerda boshqa bir siyosiy kuchlar Yevropaning Eron bilan yaqinlashishi xohlamadi. Shunday bo‘lsa-da, Yevropa Eron bilan yaqinlashishni boshqa yo‘llarini izlaydi.

Umuman olganda, ikki davlatning yaqinlashuvi oldindan kelishiladi va muhokama qilinadi. Har ikki tomon ham o‘z oldidagi risklarni hisob-kitob qiladi. O‘zbekiston ham G‘arbning sanksiyalariga duchor bo‘lib qolmaslikni o‘ylaydi.

– Ayrim G‘arb ekspertlari Eron G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga harbiy mahsulotlar yetkazib berayotganini iddao qilishdi. Bu to‘g‘ri bo‘lishi mumkinmi?

– Rossiya va Ukraina inqirozida G‘arb ommaviy axborot vositalari bunday gaplarni ko‘p gapirdi. Kapitalizmda barcha o‘z manfaati uchun harakat qiladi. Eron ham sanksiyalarga tushmaslikka harakat qilmoqda. Agar haqiqatdan ham G‘arb OAVlari iddao qilganidek, Eron katta ko‘lamda Rossiyaga harbiy yordam berayotganida edi, bugun Eron bunday holatda bo‘lmas edi. Chunki buni Xitoy ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Bir vaqtlar Hindistonning tashqi ishlar vaziri “biz Rossiyadan gaz sotib olyapmiz, siyosiy munosabat o‘rnatayotganimiz yo‘q”, degan edi. Ya’ni, har bir davlat birinchi navbatda o‘zining iqtisodiy manfaatini o‘ylaydi.

– Eronning Markaziy Osiyo davlatlari bilan ayrim ziddiyatlari bor. Mana shu ziddiyatlar hozir qanday holatda?

– To‘g‘ri aytdingiz, Eron Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyo davlatlarining deyarli barchasi bilan yaqin munosabatga kirishdi. Lekin Eron o‘zining siyosiy va g‘oyaviy qarashlarini Markaziy Osiyoga targ‘ib qilmadi. Masalan, Eron Yaqin Sharq mamlakatlarida shia guruhlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq Eron Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan bunday siyosat qilmadi. To‘g‘ri, Tojikiston hududidagi shialar bilan bog‘liq ayrim kichik loyihalar bo‘lishi mumkin. Lekin Eron bunday siyosatdan o‘zini tiydi.

Eronning shimolida joylashgan viloyatlarda gaz infrastrukturasi yaxshi rivojlanmagan. Shuning uchun Turkmaniston bilan siyosiy munosabatlarni saqlab turish uchun turkman gazini import qila boshladi. Ayrim boshqa siyosiy kuchlar Turkmanistonni Eron bilan yaqinlashishini istamadi. Shundan keyin orada hisob-kitob masalasida Eron va Turkmaniston o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ldi. Natijada ikki davlat bir-biridan uzoqlashdi. Tojikiston bilan ham shunday bo‘ldi. Ya’ni, Eronning Markaziy Osiyoga bunday faol kirib kelishi ayrim geosiyosiy kuch markazlariga yoqmadi. Bu mintaqada keskinlikni shakllantirishi mumkin edi.

O‘zbekiston Eron bilan ilk munosabatlarni saqlab qoldi. 1992 yilda imzolangan shartnomalar bo‘yicha bugungi kungacha yetib keldik. Ya’ni, Eron bilan yaqin ham bo‘lmadik, uzoq ham bo‘lmadik. Bugungi kunda Eron Markaziy Osiyo bilan to‘xtab qolgan munosabatlarini shakllantirish uchun O‘zbekistonni tanladi.

– Eronni Markaziy Osiyo bilan yaqin aloqalar o‘rnatishi qaysi kuch markazlariga yoqmasligi mumkin?

– Har qanday davlat bir-biri bilan yaqinlashsa, buni yoqlaydigan va yoqlamaydigan kuch markazlari topiladi. Azaliy bir-biri bilan diniy, siyosiy, madaniy yaqin bo‘lgan mamlakatlar ham bir-biri bilan yaqinlashsa, bu kimlargadir yoqmaydi. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlarining ham yaqinlashuviga qarshi chiquvchi kuchlar ham bor. Eronning bu mintaqa bilan yaqinlashishini AQSh xohlamaydi.

– Rossiyaga ham yoqmasligi mumkinmi?

– Bir tomondan olib qaralsa, Eron va Rossiya munosabatlari yomon emas. Rossiyaning mintaqada eng yaqin hamkori Eron. Eron sanksiyalar qurshovida bo‘lishiga qaramasdan Rossiyani qo‘llab-quvvatlamoqda va buni Rossiya unutmasa kerak! Shu nuqtai nazardan Eronning Markaziy Osiyoga yaqinlashuvi Rossiyaga yoqmasa-da, bir nechta to‘siqlarni olsa kerak. Chunki bugun Rossiyaga do‘stlar zarur. Shuning uchun bu yerda yoqish-yoqmaslik ikkinchi masala.

 Biz ko‘p yil davomida ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham geografik nuqtai nazardan izolyasiyada bo‘lgan mintaqamiz. Bugun shu yo‘llar ochilmoqda. Buni yopilmasligiga hech kim kafolat bermaydi va bundan foydalanib qolish kerak. O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlari uchun harakat qiladi va bugungi faol tashqi siyosatni shu bilan tushuntirish mumkin. Davlat rahbari har haftada qaysidir davlatga tashrif buyurib, muloqot olib bormoqda. Buni G‘arb juda yaxshi e’tirof etmoqda. Bu e’tirof nimadan dalolat beradi? Bu O‘zbekistonning bunday tashqi siyosatini G‘arb mamlakatlari qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat. Bunday sharoitda faqat faol tashqi siyosat yuritib, izolyasiyadan chiqib ketishimiz kerak.

Umuman olganda, O‘zbekiston o‘z oldiga katta-katta rejalarni qo‘ygan. Bunday faollik o‘sha maqsadlarga intilayotganimizdan darak beradi. Bu vaziyatda barchadan birlashish talab etiladi. Chunki bu ishlarni tahlil qilib ko‘rsangiz, juda katta marralar borligini sezasiz. Bir vaqtni o‘zida Yevropa bilan, boshqa yoqda Xitoy, Eron, Qatar va Afg‘oniston bilan munosabat qilmoqdamiz. Bu ishlar nima uchun? Kelajakda biz shakllantirmoqchi bo‘lgan potensialga to‘siqlar bo‘lmasligi uchun. Biz har qanday geosiyosiy o‘yinlar girdobida qolib ketmaylik. Bizda variantlar ko‘p bo‘lsin. Mana shuni hozirda asosi qo‘yilmoqda. Kelajak avlod qilinayotgan siyosat uchun rahmat aytsin.

Sardor Ali Nurmatov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring