Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoyga sayohat yoxud ayoli tashlab ketganidan keyin sport bilan shug‘ullanishni boshlagan erkak hikoyasi

Xitoyga sayohat yoxud ayoli tashlab ketganidan keyin sport bilan shug‘ullanishni boshlagan erkak hikoyasi

Ishdan so‘ng katta opam bilan 10 ming qadamdan 20 ming qadamgacha yuradigan odatimiz bor. Yurganda ham biz ikkovimiz bir tez, bir sekin yurib, atrofni tomosha qilib ketamiz.

Yurishimizni Anhor bog‘idan boshlab, oxiri «Skver»dan xuddi shu yo‘nalish bilan qaytish bilan tugatamiz. Bu yurishimizga taxminan borish kelish bilan agar to‘xtamasak, 3 soatcha vaqt ketadi. Orada qahva bilan turk choyi ham ichib olamiz. Anhor bo‘ylab yurarkansiz, suvning salqini yuzingizga yoqimli bo‘lib uriladi. Piyoda yurish paytida kayfiyatingiz, yurish tezligingiz yoningizdagi sherigingizga bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni uning o‘zini qanday his qilishi, pozitiv yoki negativ fikrlar girdobida ekani, sizga ta’sir qilmasdan qolmaydi. 

Mening energetikam opam bilan zo‘r tushgan. Chunki aynan shu yo‘nalishda boshqa bir insonlar bilan yursam charchab qolaman. Piyoda yurish payti opam bilan lirik chekinish qilib, inson hayotining mohiyati haqida gaplashib ketamiz. Har safar yurarkanman, o‘zimni hozir va shu yerda baxtli ekanimni bir kun avvalgidan boshqacharoq his etaman. Balki shuning uchun ham kechki sayrlarim men uchun odat emas, yangi bir sayohat kabi qalbimda o‘zgacha his qoldirar...

Hozir ham ushbu satrlarni tanish qahvaxonada, issiqqina jemferimni kiyib, amerikano bilan achchiqqina choy ichgan holda yozyapman. Yonimdagi stolda koreyslar zavq bilan suhbatlashishyapti. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Ikki stol narida o‘smir yoshidagi 3 qiz va bir yigit mazza qilib kulishib o‘tirishibdi. Yana koreyslarga qarayman. O‘zlari ozg‘in bo‘lsalar ham rosa ko‘p ovqat buyurtma qilishibdi. Tavba, deyman o‘zimga, agar men shuncha ovqatni yeb qo‘ysam bormi, bir oyni ichida salom 10 kilogramm, deb ortiqcha vaznlarni kutib olishim aniq.

Qiziq, avvalari ko‘chada sayr qilsamda, atrofdagi insonlarga e’tibor bermas ekanman. Demak, men o‘sha vaqtning o‘zida yashamaganman. O‘tmish va kelajak xayolarimni butkul egallab olgan. Bo‘ynim qotib qolganini his qilyapman. Soat kechki 9 ga yaqinlashib qoldi. Ertaga dushanba bo‘lsa ham hamma bemalol o‘tiribdi. Tezroq uyga boray, ertaga ishga yoki o‘qishga tayyorlanishim kerak demaydiya. O‘zimchi, deymanu, shu zahoti yuzimga tabassum yuguradi. Biz o‘tiradigan va yuradigan yo‘nalishimizda ko‘pchilik bizni, biz ham ularni tanib qolganmiz. Insonlarni kuzata boshlashimni sezganimdan so‘ng, o‘zimdan-o‘zim xursand bo‘lib ketishni boshladim. Hozirning o‘zida o‘zimni baxtli his qilishim osonlashganining sababi balki mening mana shu sayrlarimdir. Ofitsiant ikkita katta tarelkada o‘smirlar o‘tirgan stolga taom olib keldi. Toamning qandayligini ko‘rolmadim. Kuzatuv — hammani muhokama qilib, ularni g‘iybat qilish, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Insonlarni kuzatib, ko‘p narsalar haqida fikrlay olish qobiliyatingiz borligini aniqlaysiz. Uzoqdan jonli tarzda «Biz mehribon oilamiz» degan qo‘shiq yangrayapti. Mana shunday sayrlarimizdan birida opam menga doim qahva oladigan joyimizdagi erkak bilan suhbatlashib qolganlari haqida gapirib qoldilar. Mensiz yurgan paytlari o‘sha yigitning suhbati qiziq bo‘lgan bo‘lsa kerak, o‘ylayman o‘zimcha.

— Bilasanmi, Feruz, «Skver»da qahva oladigan joyimiz borku, o‘sha qahva sotuvchi erkakning ayoli farzandlarini unga tashlab ketib qolibdi.

— Voy, tavba, ersiz yashash mumkinligiga aqlim ko‘nadi, ammo farzandsiz yashash mumkinligini xayolimning bir chekkasiga ham keltira olmas ekanman, — o‘sha erkakning bolalarini ko‘rmagan bo‘lsam ham, ularning xomush qiyofalari ko‘z o‘ngimda gavdalana boshlaydi.

— Men aytmoqchi bo‘lganim umuman boshqa narsa. Xullas, o‘sha erkak rossa ozib ketib, depressiyaga tushib, 2 oy shunday holatda qolibdi. So‘ngra men aytgan usulni sinab ko‘ribdi.

— Qaysi usul, — birdaniga o‘sha erkakning bolalari  xayolimdan bulut kabi tarqay boshlaydi.

— Angrenga borib, sakrashni aytyapman.

— AAA, umi? Sakrabdimi? – shu dam o‘zimning sakraganim ko‘z oldimga kelishni boshlaydi. Sakraganimni detaligacha eslashga harakat qilaman. Agar bilmasangiz, men sizga o‘sha sakraydigan joy haqida qisqacha aytib beraman. Angrenning Yangiobod degan joyida «Turbaza» deb atalgan dam olish maskani bor. Hozir rasmiy ravishda u joyning «Turbaza»mi yoki «Turbaza» emasmi, rosti aniq bilmayman. Ammo «Turbaza» desangiz, hamma biladi. Xullas, bundan bir oycha avval opam o‘sha joyga Moskvadan kelgan dugonalari bilan birga meni qizim bilan olib bordilar. O‘sha kuni qizimning tug‘ilgan kuni edi. Ma’lumot uchun, u 14 yoshga to‘ldi. Unga ham sakrash mumkin ekan. Maxsus arqonli kiyimlarni kiyib olib, sakraganda hamma mas’uliyatni o‘z bo‘ynimga olaman, deb yetmaganiga qo‘l ham qo‘yib berdim. Narxi qiziq bo‘lsa, uni ham aytib o‘tishim mumkin. Bir kishiga 300 ming so‘m. Qayta sakrasangiz, tekin dedimi yoki 50% lik chegirmami, hozir aniq yodimda yo‘q. Xullas, qo‘llarni qo‘yib, barcha xavfsizlik choralari bilan qurollanib, maxsus kaskani ham kiyib tayyor bo‘lib turasiz. 35 metrlik balandlikdan sakrashga u yerdagi yigitlar yordam berib yuborishadi. Tarzankadan sakrarkansiz, uzoq muddat tepadan pastga qarab turishingiz tavsiya qilinmaydi. Qo‘rquv butun vujudingizni qamrab olib, sizni sakrashga qo‘ymasligi mumkin. Bir, ikki, uch, deyilishi bilan yigitlar ortingizdan yengilgina itarib yuborganlarini sezmay ham qolasiz. Sakraganimda birdaniga ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi. Keyin qarasam, haliyam tepadan pastga tushayotgan ekanman. Opamning aytishlariga qaraganda, o‘sha paytda miya bir o‘chib yonarkanda, hayotingizga boshqacharoq nazar bilan qarashni boshlarkansiz. O‘sha payt miyam o‘chib yondimi yoki ko‘zlarimmi aniq yodimda yo‘q. Ammo o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan inson uchun mayda muammolar astalik bilan ahamiyatini yo‘qotishini his qildim.

Endi keling, o‘sha erkakning voqeasiga qaytamiz. Opamning aytishlaricha, erkak depressiyadan chiqish uchun men aytgan joyga borib, ikki marotaba sakrab kelibdida, keyin ishiga qaytibdi. Hayoti astalik bilan iziga tushayotgan ekan. Opamning so‘zlaridan uni eslashga urindim va esladim ham. Tavba, deyman o‘zimga – o‘zim avvallari eridan ketib qolgan ayollarni, nafaqat ayollarni, balki o‘zini doimgidan noodatiy tutadigan insonlarni muhokama qilishni «yorvorardim». Hozir esa nima uchundir ayolning xatti-harakatlariga izoh bergim kelmadi ham. Hammaning hayoti o‘ziga ma’lum. Biz uni baholab, bir nima deyishga haqqimiz ham yo‘q, ustiga-ustak qimmat vaqtimizni shunga sarflab baraka ham topmasligimizni so‘nggi paytlarda anglab boryapman, shekilli. Xullas, erkakni yaqindan tanimasam ham hayoti astalik bilan iziga tushayotganidan xursand bo‘lib qo‘ydim.

Navbatdagi sayrimizda opam bilan o‘sha joyga o‘tdik. Erkak bizga qahva qilib berarkan, uning yelkalariga ko‘zim tushdi:

— Sport bilan shug‘ullanasizmi? – deb so‘radim ruschasiga. Aytgancha, u erkak rus millatiga mansub. U esa menga mamnun holatda qarab:

— Uylanganimdan keyin sportni tashlab qo‘ygandim. Hozir yana shug‘ullanishni boshladim, — endigina 30 yoshni qarshilagan erkakning yuzidagi qizillikni ko‘rib, ancha o‘ziga kelib qolibdi, deb unga baho berib qo‘ydim. Opam bo‘lsalar uning hayotiga qiziqib qahva tayyor bo‘lguncha savol berishni boshladilar.

— Bolalaringizga kim qarayapti?

— Ayolim bilan men galma – galdan.

Erkakning gaplaridan ko‘nglim joyiga tushgandek bo‘ldi, ana ayoli qarar ekanku, bolalarini otasining o‘ziga tashlab qo‘ymaptiku. Mana shular haqida o‘ylayotib, ko‘zim peshtaxtadagi bankaga tushdi. Unga qo‘lda bir nimalar yozilgandi. Yozuvni o‘qimoqchi bo‘lib, tikildim. «Na poyezdku v Kitay» (Xitoyga sayohat uchun). Erkak bu bankani mijozlar uchun qo‘yib qo‘ygandi, ya’ni uning sayohatiga odamlar beminnat yordam qilgilari kelsa, pul solib qo‘yishlari uchun.

— Xitoyga bormoqchimisiz? – xayolimga kelgan gapni ovoz chiqarib aytdim.

— Bilmasam, pul yig‘yapman, balki Xitoyga borarman, balki boshqa joyga.

— Aslo, boshqa mamlakatga deya ko‘rmang. Albatta, Xitoyga boring.

Nima uchun bunday dedim? Ayni shu kunlarda Devid Kemeron Dijkandining «Pul bilan to‘lgan, baxtli hamyon» deb nomlangan kitobining audiosini eshitib yurgandim. Unda inson biror maqsad qo‘ygan mahal uni o‘zgartirmasdan aynan o‘sha maqsad ila yurishi aytib o‘tilgandi. Nima uchun? Tasavvur qiling, deyiladi kitobda. Siz chet elga sayohat qilmoqchi bo‘lib, sayohat agentligiga keldingiz. Siz u yerdagilarga bir vaqtning o‘zida ham Yevropaga, ham sharqqa bormoqchi ekaningizni aytdingiz. Xo‘sh, ular nima qilishadi? Ular sizni hech qayoqqa jo‘nata olishmaydi. Ammo siz ikkilanyapsiz. Turkiyaga ketsammikan yoki Italiyaga? Hali ham o‘ylanyapsiz... maqsad ham shunga o‘xshaydi. Har safar maqsadingizni o‘zgartirarkansiz, bir nuqtadan ham jismonan, ham ruhan jilolmaysiz. Shuning uchun ham men erkakka maqsadini o‘zgartirmasligi lozimligini aytdim. Bunga yana bir sabab bor edi. Mabodo siz biror nima uchun pul yig‘ib, uni boshqa narsaga ishlatib yuborsangiz, keyingi safar ongingiz unga va’da qilingan narsani olmagani uchun sizning pul topishga bo‘lgan shijoatingizni o‘zingizga bildirmagan holda so‘ndiradi. Ya’ni siz charchab ketaverasiz. Ishdan oladigan zavqingizni yo‘qotib qo‘yasiz. Men esa nima uchundir, o‘sha erkakni niyatiga yetishini juda istadim.

Aslida hayot haqiqati ham shunday. Yoningizdagi yoki sizdan uzoqda bo‘lgan insonning muvaffaqiyati haqida eshitib, bilib, ko‘rib qolgan paytingiz, huddi sizning o‘zingiz bunga erishgandek xursand bo‘lishingiz kerak. Ana shu shukronalik va baxt hissi keyinchalik sizning boshlagan ishlaringizdagi barakani o‘zi bilan olib keladi. Ayni damlarda shu satrlarni o‘qiyotgan aziz, o‘quvchim, sizga inson uchun eng muhim bo‘lgan qalb xotirjamligini tilayman. Agar siz ham menga shuni tilasangiz, siz uchun qilgan ijodimdan olgan anglovlaringiz bilan bo‘lishing.

Feruza Umrzoqova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring