Uy-joy savdosi bir yil davomida qariyb 21 foizga kamaydi – tahlil
Joriy yil avgust oyida 22,2 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olingan, bu iyul oyiga nisbatan 3,5 foizga kam.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahliliga ko‘ra, yillik o‘lchovda uy-joy savdosi 20,8 foizga kamayib, faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilmoqda.
2024-yil avgust oyida hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta pasayishi Sirdaryo (22,6 foiz) va Xorazm (13,2 foiz) viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahri (9,7 foiz)da qayd etildi.
Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida esa ko‘chmas mulk savdosining pasayishi har bir hududda 30 foizdan ortiqni tashkil qildi.
Shuningdek, joriy yilning avgust oyida respublikada ikkilamchi uy-joy narxi 0,7 foizga oshib, o‘tgan yilning avgust oyidan boshlab uy-joyning 1 kv. m uchun o‘rtacha narxi 9,7 foizga ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, ikkilamchi uy-joy narxi Xorazm (21,4 foizga), Surxondaryo (14,6 foizga), Buxoro (13,4 foizga) va Qashqadaryo (13,3 foizga) viloyatlarida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Toshkent shahridagi ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar biroz pasayganidan so‘ng, avgust oyida barqarorlik kuzatildi: narxlar atigi 0,2 foizga oshdi va har kvadrat metr uchun 1 128 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning aksariyat tumanlarida ikkilamchi uy-joylar narxi o‘zgarishsiz qoldi, faqat Mirobod va Olmazor tumanlarida uy-joylar mos ravishda 1,7 foiz va 1,3 foizga qimmatlashdi.
Toshkentning yana uchta tumanida narxlar tushib ketdi. Xususan, Shayxontohur - 1,1 foiz, Sergeli – 0,9 foiz va Chilonzor tumanlarida – 0,6 foiz.
Yil davomida Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 4,2 foizga oshdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter