Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent IIBB tilanchi ayolning idoraga majburan keltirilgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Toshkent IIBB tilanchi ayolning idoraga majburan keltirilgani yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroning majburan IIB binosiga olib kirib ketilayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 11 mart kuni taxminan soat 21:30 larda Mirobod tumani hududida 1989-yilda tug‘ilgan (muqaddam bir necha marotaba Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47, 161, 183, 188-3-moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan) X.A. o‘zining uch nafar voyaga yetmagan farzandlaridan (2015-y.t., 2020-y.t., 2022-y.t.) foydalanib, ularning sog‘lom hayot kechirishi, ta’limga jalb qilinishini ta’minlamasdan, tilanchilik bilan shug‘ullanganligi aniqlangan.

Mazkur huquqbuzarlikni to‘xtatish va qonuniy chora ko‘rish maqsadida PPX xodimlari ushbu ayolni yaqin oradagi IIBga taklif qilishgan. Biroq fuqaro ichki ishlar organlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibini buzishgan.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro X.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi («Mayda bezorilik»), 188-3-moddasi («Tilanchilik qilish») va 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Uch nafar voyaga yetmagan bolalarni esa ularning huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Shunigdek, videotasvirda aks etgan holatda xodimlarning harakatiga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring