Qozog‘iston sudi o‘zbekistonlikni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi

Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida to‘rt nafar vatandoshini o‘ldirgan 48 yoshli o‘zbekistonlik umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Xabar qilinishicha, 48 yoshli ayblanuvchi 2024 yil may oyida Bayterek tumanida dahshatli jinoyatga qo‘l uradi.
U 9-may kuni sheriklaridan birining tug‘ilgan kunida spirtli ichimlik ta’sirida boshqa bir o‘zbekistonlik fuqaro bilan nizolashib, janjal ko‘taradi. Uni bir necha marta tashqariga olib chiqib, tinchlantirishga urinishadi. Lekin u yana qaytib kirib, bolta ko‘tarib sheriklariga tahdid qiladi va «hozir hammangizni o‘ldiraman», deya binodan chiqib ketadi. Bir muddatdan so‘ng benzin solingan idishni ko‘tarib kiradi va uni yonib turgan gaz plitasi ustiga tashlaydi. Bino yonuvchi materiallar bilan jihozlangani sabab alanga tez tarqaydi va birdan yonib ketadi.
Oqibatda esa to‘rt nafar erkak olgan kuyish jarohatlari natijasida voqea joyida halok bo‘lgan, yana bir kishi termik kuyish jarohati olgan. Marhumlar ikki aka-uka Xudayberdiyevlar va yana ikki aka-uka Namozovlar ekani aniqlangan.
Sud tergovida aytilishicha, ularning barchasi mavsumiy ishlar uchun Qozog‘istonga kelgan va vaqtinchalik turarjoylarda yashagan.
Sudda jabrlanuvchilar va guvohlar ayblanuvchiga eng og‘ir jazoni so‘rashgan.
Ayblanuvchi esa o‘z aybini qisman tan olib, idishda benzin emas, suv bor deb o‘ylaganini va odam o‘ldirishni qasd qilmaganini aytgan. Biroq, sud uning so‘zlariga shubha bilan qaradi va uni ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter