Prezident Mirziyoyev global iqtisodiy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan vaziyatlardan xavotir bildirdi
Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
Davlat rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi.
«Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda.
Masalan, o‘rtacha global harorat 2040 yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030 yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.
Dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti.
Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois an’anaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va iste’mol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti», – dedi Prezident.
Davlat rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘lishini qayd etdi.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, 2030 yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinadi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi so‘nggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi.
Bu muammolar barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror o‘sish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda.
«Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim,» – dedi Prezident.
Ma’lumot uchun, OBIIning yillik yig‘ilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter