Pedofilga berilgan jazoni yengillashtirgan apellyasiya instansiyasining ajrimiga Bolalar ombudsmani qarshi chiqdi
Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida jinsiy jinoyatda jabrlanuvchi bo‘lgan bola manfaatlari nuqtai nazaridan 2012 yilda tug‘ilgan Sh.A. (qiz bola) ga nisbatan sodir etilgan, JKning 119-moddasi 4-qismi va 137-moddasi 2-qismi «a» bandida ko‘zda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha A.R. (erkak)ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2024 yil 10 iyundagi hukmi va Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining 2024 yil 16 iyul kunidagi ajrimini o‘rgandi.
Mazkur sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi hukmi bilan A.R. aybdor deb topilib, unga nisbatan JKning 119-moddasi 4-qismi bilan 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 137-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, JKning 59-moddasiga asosan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Biroq Samarqand viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya tartibidagi ajrimida (sudlanuvchining apellyasiya shikoyati asosida) birinchi instansiya sudi A.R. ga nisbatan JKning 119-moddasi 4-qismi bilan ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlashda og‘irroq jazo tayinlagan deb hisoblab, sudlanuvchi A.R. ga JKning 119-moddasi 4-qismi sanksiyasi doirasida (19 yildan 15 yilga o‘zgartirib) yengilroq jazo tayinlagan.
O‘z navbatida, Bolalar ombudsmani o‘z vakolati doirasida apellyasiya instansiyasining mazkur ajrimi bilan jinoiy jazo yengillashtirilishi bola manfaatlariga zid deb hisoblab, bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taftish tartibida protest kiritishga oid iltimosnoma kiritdi.
Buning asosida sud hujjatlari Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganildi va Bolalar ombudsmani pozitsiyasi quvvatlanib, A.R. ga nisbatan JKning 119-moddasi 4-qismi bilan tayinlangan jazosi asossiz kamaytirganligi munosabati bilan ajrimni bekor qilish hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2024 yil 10 iyundagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirish haqida joriy yilning 3 avgust kuni taftish tartibida protest kiritildi.
«Bolalar ombudsmani mazkur ishning taftish instansiyasi sudida ko‘rilishi jarayonida bola manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi.
Aytish muhimki, bugungi kunda sudlarimizda bola huquqlarini ishonchli ta’minlash borasida qat’iyat va bolaning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga ustuvorlik yondashuvi mustahkamlanishi va bu borada respublikada yagona sud amaliyoti shakllanishi zarur», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter