O‘zbekxonga atab oltin varaqqa ko‘chirilgan Qur’on: 700 yillik tarixga ega qo‘lyozma topildi
Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasidan topilgan qur’on qo‘lyozmasini ayni paytda restavratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu haqida Toshkentda o‘tayotgan O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida ma’lum qilindi.
Ushbu Qur’on 1318 yilda Oltin O‘rda xoni — O‘zbekxonga atab, oltin varaqqa ko‘chirilgan va bu Mo‘g‘ullar davridan keyin saqlab qolingan asosiy Qur’on mus’hafi hisoblanadi. Turkiyalik professor Emek Ushenmezning ta’kidlashicha, qo‘lyozma usmoniylar hukmdori Fotih Sulton Mehmet tomonidan 1475 yilgi Qrim yurishidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan.
«Bu mo‘g‘ullar davrida yozilgan va bag‘ishlov qismida o‘zbek nomi keltirilgan birinchi to‘liq ko‘chirilgan Qur’ondir. O‘zbekxon Qur’onining barcha jildlari oltin bilan ishlov berilgan bo‘lib, Oltin O‘rdada zarhal qog‘ozga muhaqqaq uslubida ko‘chirilgan va uning deyarli barcha sahifalari bizgacha to‘liq yetib kelgan. Bu davr xattotlari yuqori malakali hunarmandlar bo‘lib, ularning ishlari ko‘pincha nafislik va aniqlik bilan ajralib turgan. O‘zbekxon Qur’onida murakkab bezak elementlari, geometrik va gul naqshlar aks ettirilgan. Bular qo‘lyozmaning vizual jozibasini oshiradi va o‘sha davrda keng tarqalgan badiiy uslublarni namoyon etadi. Aynan murakkab texnologiya va o‘z davrining ilg‘or usullari bugungi kunda ushbu mushafning o‘ta noyobligini ta’minlaydi» - dedi professor Emek Ushenmez.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘lyozma Islom madaniyati va ta’limida alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u diniy matnlarni saqlash va musulmon davralar o‘rtasida savodxonlikni oshirishda xizmat qilgan. Hozirda O‘zbekistondagi islom svilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda ushbu noyob qo‘lyozmani restavratsiya qilish va faksimile nusxalarini O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilmoqda.
Umuman olganda O‘zbekiston madaniy merosi haftaligi ko‘plab shov-shuvli yangiliklarga boy o‘tmoqda. Ular sirasiga temuriy malika o‘z qo‘li bilan yozgan, Amir Temur davriga oid noyob qur’on qo‘lyozmalari hamda Boburiylarga oid muhtasham albomning topilgani kiradi. Ushbu va boshqa 114ta qo‘lyozmalarning barcha faksimile nusxalari O‘zbekistonga qaytarilib, Islom sivilazitsiya markazi binosidagi gumbaz ostida ko‘rgazmaga qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter