Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Oq uy: Fransiya AQShga rahmat aytsin!..

Oq uy: Fransiya AQShga rahmat aytsin!..

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt fransuz deputatining “Ozodlik” haykalini ortga qaytarish xususidagi talabiga javob qaytardi. 

Prezident Trampning matbuot kotibiga ko‘ra, haykalni Fransiya AQSh xalqiga sovg‘a o‘laroq bergan va Vashington uni qaytarish talabini rad etadi.

“Quyi darajadagi ismsiz fransuz siyosatchisiga maslahatim shuki, AQSh sharofati bilangina fransuzlar hozirda nemis tilida so‘zlashmayotgani faktini unutmang. Shu sabab ular bizning mamlakatga rahmat aytishlari kerak”, – degan K.Levitt.

Yevropa parlamenti deputatini “quyi darajadagi ismsiz fransuz siyosatchisi” deya atayin yerga urgan Oq uy matbuot kotibi o‘z bayonoti bilan Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh Fransiyaga ko‘mak ko‘rsatganiga shama qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining fransiyalik a’zosi Rafael Glyuksmann AQShning hozirgi siyosati hamda Donald Tramp ma’muriyatining qarorlari mamlakatning ozodlik qadriyatlariga sodiq emasligini ko‘rsatayotgani uchun Vashington “Ozodlik” haykalini Parijga qaytarishi kerakligini ta’kidlagandi.

Amerika rahbariyatining “mustabidlarning yonini olayotgani” ham fransuz siyosatchisiga xush kelmagan.

Ma’lumot uchun, fransuz haykaltaroshi Avgust Bartoldi tomonidan ishlangan va AQSh xalqiga tuhfa sifatida yuborilgan “Ozodlik” haykali 1886-yil 28-oktyabrda Amerika Mustaqillik deklaratsiyasining 100 yilligi munosabati bilan Nyu-Yorkda o‘rnatilgan edi.

Diplomatik maydondagi dahanaki tortishuv Tramp ma’muriyati Yevropa Ittifoqi davlatlariga qarshi boj urushi ochgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. 

12-martdan boshlab Oq uy YeIdan keltirilayotgan po‘lat va alyuminiyga 25 foizlik boj joriy etdi. Bryussel bunga javob choralari va’da qilgan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vensning joriy yil 14-fevral kuni xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida Yevropa yetakchilariga yosh boladek dars o‘tishga uringani ham ularni darg‘azab qilgan edi.

Tramp ma’muriyati hokimiyatga kelgach, Vashingtonning Yevropa davlatlari bilan Ukraina borasida ham yakdilligi yo‘qolgan. So‘nggi hodisalar Rossiya bilan muzokaralarga zo‘r berayotgan Oq uy bu jarayonga Yevropa Ittifoqini qo‘shishni istamayotganini ko‘rsatmoqda.

“Ko‘hna qit’a”dagi ayrim siyosatchilar Vashington Ukraina masalasida Moskvaga yon berishga urinayotganini xiyonat deb baholagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring