Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Oltin harflarda yozilgan shonli voqea» —  O‘zbekiston U-17 chempionligi oddiy g‘alaba emas

«Oltin harflarda yozilgan shonli voqea» —  O‘zbekiston U-17 chempionligi oddiy g‘alaba emas

«O‘zbeklar yakkakurashda kuchli, futbol esa — jamoaviy o‘yin, shuning uchun unda katta yutuqlarga erishishimiz qiyin», degan gaplarni ko‘p eshitardik. Endi tarix o‘zgardi. Bizdan ham jamoaviy sportda chempionlar chiqyapti.

Saudiyada sodir bo‘lgan voqea – shunchaki g‘alaba emas. Bu – millatning orzusi, intizor kutgan onlari ro‘yobidir. Shu bilan birga, «biz birlasha olmaymiz» degan stereotiplarning chippakka chiqishidir. 

Xotirjamlik hissini bergan yigitlar

Futbol jamoalarimizning o‘yinlarini yurak hovuchlab ko‘rgan damlarimiz bo‘lgan, hatto turnir g‘olibi bo‘lgan paytlarimizda ham yaqqol ustunlikka erisha olmaganmiz. Ammo 17 yoshli o‘smirlarimiz turnirning boshidan to oxirigacha bizga xotirjam muxlislik qilish baxtini berishdi.

Har bir jabhada, har bir vaziyatda raqiblaridan ustunliklari sezilib turdi. Hatto Shimoliy Koreya avvalgi raqibini 6-0 hisobida tor-mor etib, bizga duch kelganida ham, finaldagi raqib — mezbon mamlakat vakillari bo‘lganida ham, biz xavotirga tushmadik. Oson o‘ynab, oson g‘alaba qozondik.

Bizga bu xotirjamlik yosh futbolchilarimizning, iqtidorli murabbiyimizning ko‘zlaridagi ishonch orqali o‘tdi. Ular o‘z kuchlariga shu qadar ishonch bilan o‘ynashdiki, ekran ortidan biz buni his qila oldik, hammasi shunday yakun topishini bildik.

9 kishi, bir yurak, bir millat

Final uchrashuvida o‘zbekistonliklar birinchi taymdayoq 9 kishi bo‘lib qolishdi. Qatarlik hakam ikki futbolchimiz — Nurbek va Mirazizni maydondan chetlatdi. Buni futbol tilida «imkonsiz vaziyat» deyishadi. Lekin bolalar taslim bo‘lishmadi, arablar singari o‘yinni cho‘zishga ham harakat qilishmadi. Aksincha, hujumga chiqib, ikki gol farqi bilan finalni yutdilar. Hujumchimiz Sadriddin Hasanov esa turnirga katta qilib — o‘z imzosini qo‘yib ketdi.

Bu juda muhim nuqta: bolalar nafaqat texnik va jismoniy jihatdan, balki psixologik jihatdan ham yuksak tayyorgarlikni ko‘rsatishdi. Bu yerda jism emas, ruh g‘alaba qildi. Va bu ruh – Yangi O‘zbekiston ruhidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham ushbu g‘alaba quvonchini xalq bilan bo‘lishdi. Davlat rahbari o‘z tabrigida yoshlarning jasorati, O‘zbekiston sharafini himoya qilganini «milliy futbolimiz tarixida oltin harflar bilan yoziladigan shonli voqea» deb baholadi. Bu nafaqat sportchilar, balki ularni tarbiyalagan ustozlari, ota-onalar, butun millat uchun yuksak faxr.

Ayniqsa, Prezidentimizning: «El-yurtimiz sizlarning timsolingizda doimo oldinga intilib yashaydigan, yuksak marralarni zabt etishga qodir Yangi O‘zbekiston yoshlarining eng yorqin vakillarini ko‘radi va sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi», degan so‘zlari – bu g‘alabaning ma’naviy yukini ochib beradi.

Davlatimiz rahbarining alohida farmoni bilan Osiyo chempionlari munosib mukofotlandi.

Yutuqlar zamirida nima yotibdi?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston U-17, U-20 va U-23 jamoalarining har biri kamida bir martadan Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Umuman, shu yillarda natijalarimiz bo‘yicha yoshlar futbolida faqat Yaponiya bizga raqobat qila oldi. Demak, tizimli islohotlar, seleksiya, murabbiylarni tayyorlash, infratuzilma va xarakter natijasi  ko‘rina boshladi.

Murabbiy Islombek Ismoilov «O‘zbekiston doim qahramonlar, mard insonlar yurti bo‘lgan. Yigitlar deyarli imkonsiz vazifani bajarishdi. Buning ortida butun mamlakatning mehnati bor», deb aytgani bejiz emas.

Bir necha yil avval shov-shuvli chiqishi bilan yodimizda qolgan yosh murabbiyning o‘zi ham shu imkonsiz vazifaning boshida turdi. Aytishlaricha, Islombek yaxshi notiq. Shogirdlariga futboldan yaxshi saboq berish bilan bilan birga, so‘z orqali ham ularni ruhlantira oladi. Final bahsi taymlari oralig‘ida (bu vaqtga kelib hisob 0-0 edi, jamoamiz esa 9 kishi bo‘lib qolgandi) u shogirdlariga qarata shunday deydi: «Yigitlar, shu vaqtga qadar Vatan uchun, o‘zingiz uchun, ota-onangiz uchun boringizni berdingiz. Endi men uchun ham, shuncha vaqtdan buyon yoningizda yurgan, sizni kamolga yetkazayotgan insonlar uchun ham o‘ynang».

Bu «tasodifiy yutuq» emasdi, bu – uzoq mehnat, aniq reja, ishonch va birdamlik samarasi edi. Maydonda qolgan 9 futbolchi chetlatilgan ikki nafar jamoadoshi uchungina emas, maydon chetida turgan, mehnati bizga ko‘rinmaydigan yana o‘nlab insonlar uchun ham borlarini berishdi. Mana — jamoaviylik, millatning bir maqsadda birlashishi namunasi!

Jamoaviy yutuqlar shaxsiy sovrinlarga yo‘l ochadi

Musobaqa yakuniga ko‘ra, uch nafar iste’dodli va mohir sportchimiz yakka tartibdagi sovrinlar egasi bo‘lishdi. Jumladan, so‘nggi soniyalarda butun millatimizga kayfiyat ulashgan Ne’matulloh Rustamjonov – turnirning eng yaxshi darvozaboni, Asilbek Aliyev – eng yaxshi to‘purar, jamoa yetakchisi Sadriddin Hasanov – eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirof etildi.

Oldimizda Jahon chempionati

O‘z g‘alabalari bilan U-17 terma jamoamiz jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Endi yigitlarimiz Qatarda, dunyo ko‘z o‘ngida chiqish qilishadi. Jahon futbolida yangi yulduzlar, yangi nomlar kashf etiladi. Bu — farzandlarimiz uchun yangi sinov, yangi imkoniyat va yangi tarix.

G‘alabalar bardavom bo‘lsin, O‘zbekiston!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring