Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olti oyda 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi

Olti oyda 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi

19 iyul kuni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2024 yilning 1-yarmidagi faoliyati natijalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilning 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 102 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 236 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilganligi aniqlangan 1,8 trln. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qo‘llab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Budjet tushumlari prognozi ijrosi yuzasidan kundalik nazorat o‘rnatilib, 84,2 trln. so‘mlik reja 85,7 trln. so‘mga yoki 102 foizga bajarilishi hamda budjetga qo‘shimcha 9,6 trln. so‘mlik tushumlar tushirilishi ta’minlangan.

Hay’at yig‘ilishida prokurorlar tomonidan dolzarb yo‘nalishlarda, jumladan yoqilg‘i - energetika, qurilish, kuz - qish mavsumiga tayyorgarlik kabi sohalarda amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar alohida o‘rin egalladi.

Xususan, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida prokuratura organlari aralashuvi natijasida ko‘plab muammolar bartaraf etilishiga erishilgan.

Yoqilg‘i - energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan qariyb 50 mingta reyd tadbirlari davomida, 48 mingdan ortiq noqonuniy holatlar fosh etilib, 217 mlrd. so‘m zarar undirilgan.

Qayd etilishicha, prokuror nazorati tadbirlari o‘laroq, davlat dasturlariga kiritilgan 
140 ta ob’yektning o‘z muddatida foydalanishga topshirilishi, 2,4 trln. so‘m mablag‘lar tejalishi ta’minlangan.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari belgilab bergan muhim masala - yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xufiyona aylanmalar ko‘lamini keskin qisqartirish, moliya tizimi barqarorligini yanada mustahkamlash borasida yuklatilgan vazifalar ijrosi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish qayd etildi.

Yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib, bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 1 442 gektar yer maydonlari zaxirasiga qaytarilishi ta’minlanganligi, shuningdek, 1 752 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 961 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligiga urg‘u berildi.

Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi ham hay’at muhokamasidan o‘rin oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning qiynayotgan muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 137 mingta murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va qariyb 30 ming nafar shaxslarning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Prokuratura organlari faoliyatiga oshkoralik berish, bunda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, bloger va jurnalistlar bilan aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratish haqida yana bir bor eslatib o‘tildi.

Qolaversa, qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga oid ko‘rilayotgan chora – tadbirlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Xususan, prokuraturaning elektron axborot tizimida 35 dan ortiq yangi dastur ishga tushirilib, boshqa idoralarning 100 dan ziyod tizimiga integratsiya qilinganligi ma’lum qilinib, bu boradagi ishlar yanada jadallashtirish qat’iy ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring