Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maqsadimiz O‘zbekistonni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir – Shavkat Mirziyoyev

Maqsadimiz O‘zbekistonni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining yillik yig‘ilishida so‘zlagan nutqida mamlakat iqtisodiyoti hamda xalqning turmush darajasi yuksaltirishga doir olib borilayotgan islohotlar haqida to‘xtaldi.

Davlat rahbari, jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratayotganiga urg‘u berdi.

O‘tgan davrda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshgani, kelgusi besh yilda esa bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazish reja qilinayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston yetakchisi, shu bilan birga, olib borilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqish ekani hamda bu maqsadlarga erishish uchun katta-katta marralar ko‘zlanayotganini bildirdi.

«Birinchi. Biz to‘rt yil ichida mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik.

Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030-yilga qadar esa 2 barobar pasaytirishni maqsad qilganmiz.

Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam.

Shu bilan birga, aholining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan «ko‘p o‘lchovli» kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.

Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji «O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega», deb ta’kidlagani ham bejiz emas.

Ikkinchi. Inson kapitalini rivojlantirishni mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishining mustahkam poydevori, deb bilamiz.

Bu borada so‘nggi sakkiz yilda maktabgacha ta’lim qamrovini 27 foizdan 74 foizga oshirdik.

Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.

Biz kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etiladi.

Shuningdek, kelgusi yildan boshlab, davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirishni reja qildik. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritamiz.

Biz ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorligimizning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qilamiz.

Uchinchi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyojimiz yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.

Shu ma’noda, bugungi anjuman «Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish» mavzusida o‘tkazilayotganini olqishlaymiz.

Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirdik. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.

Biz 2030-yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Xususan, «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, «Toshkent – Samarqand», «Samarqand – Navoiy – Buxoro» yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi.

Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beramiz.

Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi.

Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlarimiz hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo‘ldosh «Yangi O‘zbekiston» shaharchalarini qurish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Bu borada o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 130 million dollarlik loyihalarni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganimizni alohida e’tirof etmoqchiman.

Ishonchim komil, Bank va boshqa hamkorlarimiz bilan bunday infratuzilmaviy loyihalarni yanada kengaytiramiz.

To‘rtinchi. «Yashil» iqtisodiyotni jadal rivojlantirishni oldimizga ustuvor vazifa sifatida qo‘yib, 2030-yilgacha «yashil» energiya manbalarini 40 foizga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz.

Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 2030-yilga borib jami portfelining 50 foizini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarga yo‘naltirishi bizning maqsadlarimiz bilan hamohang.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik «yashil» energiya loyihalarida Bank nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan birga ishlab, bu sohada global darajada yangi andozalarni yaratmoqda.

Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.

Mazkur loyihalar orqali yirik «yashil» ma’lumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha bo‘ladi, deb hisoblayman.

Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik «yashil» sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonaman.

Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga «yashil» energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.

Shu o‘rinda, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda «yashil» energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qilaman.

Beshinchi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda.

Hozirda amalga oshirish boshlangan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.

O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan.

Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.

Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi», – dedi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring