Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarga «qurollanib» borayotgan bolalar (foto)

Maktablarga «qurollanib» borayotgan bolalar (foto)

Buxorodagi qator maktab o‘quvchilarining sumkalaridan sovuq qurollar (pichoq, qaychi, kastet) va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi vositalar topilgan.

 – Oshxona pichog‘ini nega o‘zing bilan maktabga olib kelding?

– Oldindan kelisholmay keladigan sinfdoshim bor, o‘shani qo‘rqitish uchun...

Milliy gvardiya leytenanti o‘quvchi qizning onasi bilan yuzlashadi.

– Qizim bu pichoqni charxlatish uchun olib kelgan, uqdilaringmi, nima deysanlar?! — po‘pisalanadi u xizmat xodimlariga.

Milliy gvardiya Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i, kapitan Murodjon Rahmatulloyev «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buxoro shahridagi maktablardan birining 11-sinfida o‘quvchi qizning otasiga nisbatan MJTK 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘llanilgan. Holatga ko‘ra, o‘quvchi qiz o‘zi bilan kelishmaydigan sinfdoshini qo‘rqitish maqsadida uyidagi oshxona pichog‘ini yashirincha sumkasida maktabga olib kelgan. Xuddi shunday holat Jondor tumanidagi maktabda ham sodir bo‘lgan.

«To‘g‘risi, o‘quvchi qizlarning ko‘zlarida hadik yo‘q, aksincha, tajovuzkorlik aks etib turardi. Bunday vaziyatda o‘quvchilar o‘rtasidagi ichki nizo ko‘ngilsiz oqibatlarni keltirmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. Qiz hech ikkilanmay qilmishini tan oldi va uni ochiqladi. Biroq uning onasi bilan suhbatda kattalarning bola tarbiyasi borasidagi majburiyatlarini bajarishmayotgani shundoq ko‘rinib  turardi», — dedi katta leytenant Nargiza Ashurova.

Yaqinda «Xabar.uz»da «Uyidan qochgan qizlar. Ularni «ko‘cha qizlari» deb haqoratlamang» sarlavhasi ostida maqola e’lon qilingan edi. Unda Buxoro viloyatida ota-onasi uzoq muddatga ketgan 631 nafar, ona-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 69 nafar, boquvchisini yo‘qotgan 158 nafar bola borligi, 2 113 nafar tarbiyasi og‘ir, 42 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan maktab o‘quvchilari ro‘yxatlari shakllantirilgani xaqida so‘z borgandi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi Iroda Oripovaning aytishicha, Buxoro maktablarida jami 327 383 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Agressiv va zo‘ravonlikka moyil kontentlardan himoya qayerda?

Yuqoridagi holat esa aynan tarbiyasi og‘ir 2 113 nafar bola tomonidan emas, mahalla va jamiyat nazaridagi oila vakili  tomonidan sodir etilgan. Ma’lumki, Davlat rahbari tomonidan maktablarda davomadlarni muvofiqlashtirish, inspektr-psixologlar faoliyatini samarali yuritish vazifa sifatida belgilab berilgan edi. Bunda, albatta, milliy gvardiya ta’lim jarayonlariga mutlaqo aralashmagan holda tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarini yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘rishmoqda.

«Xodimlar uzrli sabablarsiz dars qoldirgan bolalarni aniqlaydi, ota-onalar bilan suhbatlar olib boradi. Milliy gvardiyaning maktablardagi ishtiroki, nafaqat, o‘quvchilarning  davomati, balki ularning umumiy  ta’lim-tarbiyasi va xavfsizligini ta’minlashga, umumiy ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan.

Keyingi paytlarda maktablarda bulling, ya’ni o‘quvchilar o‘rtasidagi bezorilik holatlari oshib, o‘quvchilarning o‘zini himoya qilish maqsadida sovuq qurollar olib yurishiga sabab bo‘lmoqda. Buni hech ikkilanmay, oilada nazoratning yetishmasligida ko‘rish mumkin. Gohida sumkasiga sovuq qurollar, nos va boshqa nojo‘ya buyumlar olib kelgan bolalarning ota-onasi bilan suhbatlashganda, ular tomonidan hatto: «Bu senlarning vazifang, men bolamni ertalab qornini to‘yg‘azib, ust-boshini toza qilib yuboraman. Bola kun bo‘yi senlarning ixtiyoringda, demak, nazoratni faqat senlar qilishing kerak. Biz ota-onamiz, organ emasmiz!», — deydiganlar ham yo‘q emas.

Avvalo, ota-ona bolasining kimlar bilan muloqot qilayotganini kuzatishi, uydan chiqishidan oldin, lozim bo‘lsa, bolasining sumkasini tekshirishni odat qilishi kerak. Albatta, buni nazorat emas, oddiy suhbat orqali tushuntirib, ota-ona va bola o‘rtasida ishonchli munosabatlarni amalga oshirish kerak, deb o‘ylayman. Bu o‘zaro ishonchli bog‘lanuv bolalarni har qanday agressiv va zo‘ravonlikka moyil kontentlardan ham himoya qiladi», — dedi Murodjon Rahmatullayev.

Ta’kidlanishicha, Kogon shahridagi 9-maktab o‘quvchisi, 14 yoshli V.D.  o‘zi bilan elektron sigaret olib kelgan. O‘quvchilar bilan suhbatda V.D.ning sinfdoshlari shu kuni uning ushbu elektron sigaretni maqtanib tutatib, keyin darsga kirganini so‘zlab berishgan.  Jondor tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisining cho‘ntagidan «Qora Doniyor» nosining topilgani hammasidan o‘tib tushgan. U nosga ishtiyoqini yashirmay, oilasida ham chekib turilishini so‘zlab bergan.

G‘ijduvon tumanidagi 9-maktabda ham achinarli holat. 14 yoshli U.F. o‘quv qurollari orasiga yashirib oshxona pichog‘ini olib kelgan. Savollarga javoban, velosipedini tuzatish uchun pichoq olib chiqqanini bahona qilgan.

Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev o‘quvchilar bo‘sh qolishi oqibatida turli jinoyatlar yuzaga kelayotgani bois ular to‘garaklar, sportga jalb qilinib, ota-onasi bilan alohida suhbatlar uyushtirilayotganiga to‘xtaldi. Bu bir qarashda jamiyat muammosiga aylanib qolayotgan og‘riqli holatga yechim topishning eng kichik qismi va bu yondashuv allaqachon eskirgan.

«Bir oyda o‘rtacha 800 dan ortiq tadbir o‘tkazilganda, 100 nafardan ziyod o‘quvchilarning sumkasi va maktab kiyimi cho‘ntaklaridan chiqqan pichoqlar, lezviyalar va hatto kastet kabi sovuq qurollar, sigaret va nos, karta va vahshiylikni targ‘ib qiluvchi o‘yin-ashyolari, nafaqat, oila, balki ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini ham baholaydi. Bu jamiyatning ham og‘riqli muammosiga aylanib ulgurgan. Internet va atrof-muhitdagi salbiy ta’sirlar, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi videolar, nojo‘ya odatlarning ommalashuvi bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi milliy gvardiya leytenanti Mirbafo Ibragimov.

Darhaqiqat, oqibat emas, sabab bilan kurashish kerak, ya’ni agressiv muhit, oilaviy muammolar, ta’lim tizimidagi kamchiliklar, o‘z o‘rnida, o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan ishlashdagi tajribasi ham muhim ahamiyatga ega. O‘quvchi bolalarni faqatgina o‘z qiziqishlariga qarab, san’at, fan va texnologiyaga oid to‘garaklar sonini oshirish, ijtimoiy faoliyatlarga jalb qilish, turli tanlovlar va volonyotrlikni kuchaytirish ham bevosita ularni telefonga mukka ketishlardan va uning ta’siri ostida yashashdan chalg‘itadi.

Maktab yoshlar yetakchisi: u qayta tiklanishi zarur

Aytish joizki, yoshlar yetakchilari o‘quvchilar o‘rtasida nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Ular maktabdagi tartib-intizomni mustahkamlash, o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni to‘g‘ri yo‘naltirishda vositachi sifatida ishlashadi.

Bu masalada yoshlar yetakchilarining o‘rni salmoqqa ega. Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar uchun foydali kontentlar yaratish va ularni nojo‘ya ta’sirlardan himoya qilish, qiyinchilikka duch kelgan yoki nojo‘ya yo‘lga kirib qolgan o‘quvchilarni jamiyatga jalb qilishda azal-azaldan yetakchi ijobiy ta’sirga ega bo‘lgan.  Yoshlar yetakchilari o‘quvchilarni nojo‘ya yo‘llardan olib chiqishda, ularga ijobiy ta’sir o‘tkazishda va ularni to‘g‘ri yo‘naltirishda katta ahamiyatga ega. Ular, nafaqat, profilaktika ishlari bilan shug‘ullana olishadi, balki o‘quvchilarga ishonchli do‘st va yo‘lboshchi ham bo‘lishadi. Maktabdagi tartib-intizom va o‘quvchilarning to‘g‘ri yo‘nalish olishi aynan maktab yoshlar yetakchilari faoliyatiga ham bog‘liq.

«Ilgarilari bugungi kundagidek butun boshli mahallada bitta yoshlar yetakchisimas, balki har bir maktabning bir yetakchisi, lozim bo‘lsa, uning yordamchisi ham bo‘lardi. O‘quvchi yoshlarning har biri bilan individual shug‘ullanishga ham kuch va quvvati bor edi ularning. O‘quvchi yoshlar va maktab yetakchisi o‘rtasidagi jipslik, o‘zaro ishonch yuksak darajada bo‘lib, kezi kelganda, maktab direktorlarinigina emas, yoshlar yetakchilarining etagidan tutishardi. Bulling va zo‘ravonlikning oldini olishda, maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida do‘stona muhit yaratish, jamoaviy tadbirlar tashkil qilishda maktab yoshlar yetakchilarining o‘rni haminqadar ekanini bugun unutib qo‘ygandekmiz. Birgina mahalla yoshlar yetakchisining sa’y-harakati bilan hududdagi 2-3 ta maktab o‘quvchilarining har birining ongi va yuragiga kirib borish mushkul. Afsuski, bunday shtat birligi maktablardan olib tashlangan. U qayta tiklanishi zarur», — dedi suhbatdoshlardan biri.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring