Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lavrov Tramp elchisining tashrifi nega sir saqlanganini ochiqladi

Lavrov Tramp elchisining tashrifi nega sir saqlanganini ochiqladi

Trampning maxsus vakili sudlangan AQSh fuqarosini qaytarish uchun Moskvaga keldi va ular tezda Vashingtonga uchib ketishdi. Lavrov Rossiya bu tashrif tafsilotlarini oshkor etmagani sababini «biz kelishuvlarga boshqacha yondashamiz», deya tushuntirdi.

Rossiya hukumati samarali diplomatiyani ta’minlash uchun maxfiylik haqidagi kelishuvlarga rioya qilishni ma’qul ko‘radi, deb ta’kidladi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. Qayd etilishicha, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning Moskvaga tashrifi shu asosda oshkor etilmagan.

Diplomatik va boshqa muloqotlar «tinch muhitni yoqtiradi», dedi Lavrov va oxirgi haftalarda bu masala bo‘yicha juda ko‘p savollar kelib tushganini aytib o‘tdi. Bu savollar, jumladan, prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ham berilgan.

«U imkon darajasida javob qaytardi – aloqalar bor, ular davom etmoqda. Natijalarni esa amerikalik hamkorlar e’lon qilishga qaror qilishdi. Biz esa kelishuvlarga boshqacha yondashamiz», — dedi Lavrov.

Stiv Uitkoff 11 fevral kuni Moskvaga qisqa tashrif bilan keldi. Bu AQShning yuqori martabali amaldori tomonidan oxirgi uch yil ichida Rossiyaga amalga oshirilgan birinchi tashrif bo‘ldi. Undan avval 2021 yil noyabrida MRB direktori Uilyam Berns Moskvaga kelgan va u Rossiya-Ukraina mojarosining oldini olishga harakat qilgan edi.

Uitkoff Rossiyadan AQSh fuqarosi Mark Fogelni olib ketdi. U uch yil oldin sud tomonidan giyohvand moddalar kontrabandasi uchun 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Amerika prezidentining maxsus elchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, uch soat davomida suhbatlashgani haqida Fox News televideniyesi boshlovchisi Shon Xenniti xabar berdi. Kreml bu ma’lumotga izoh bermadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring