Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqaroni noqonuniy ravishda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qabul qilgan shifokor «hayfsan» oldi

Fuqaroni noqonuniy ravishda ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qabul qilgan shifokor «hayfsan» oldi

Farg‘ona viloyatida fuqaro B.N. tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari bilan hamkorlikda qonunga zid ravishda Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati ma’lum qildi.

Fuqaro B.N. tomonidan yuborilgan murojaat nazoratga olinib, holat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro B.N. ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikdan o‘tkazish uchun joylashtirilishida rozilik xatiga imzo qo‘ymagan. Ammo shunga qaramasdan uni shifoxonaga joylashtirishgan va 3 kun davomida ko‘rikdan o‘tkazishgan. So‘ng esa sog‘lom bo‘lganligi sababli javob berib yuborishgan.

«Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida fuqaro B.N.ning so‘zlari tasdiqlandi. Ya’ni, shifoxona qabulxonasida davolanishi uchun olingan rozilik tilxatida uning imzosi bo‘lmaganligi, shunga qaramasdan uning ruhiy holatini tekshirish uchun qabul qilgan vrach A.Jo‘rayev tomonidan shifoxonaga joylashtirilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi aniqlandi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur holatda «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan – psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning ma’lumotlarni bilgan holda tekshiruv o‘tkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi talablari buzilgan.

Ombudsman holat yuzasidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish va bu kabi holatlarni boshqa takrorlanmasligi uchun tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga Ombudsman xulosasi kiritdi.

Ombudsman xulosasiga ko‘ra, shifoxonaning navbatchi vrach-psixiatri A.Jo‘rayevga o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshgani uchun «hayfsan» berilgan.

Qonun buzilish holatlari qayta takrorlanmasligi bo‘yicha mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, shifokorlar ogohlantirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring