Eron generali Isroil bilan aloqada gumonlanib hibsga olindi
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Ismoil Qaaniy Isroilga aloqadorlik gumoni bilan qamoqqa olindi. Bu haqda «Middle East Eye» nashri xabar berdi.
General Qaaniy Isroil «Hizbulloh» harakati rahbari Hasan Nasrullohni o‘ldirganidan buyon jamoatchilikka ko‘rinish bermagan. Buning ortidan u Isroilning Livan poytaxti Bayrutga hujumi oqibatida halok bo‘lgan yoki yaralangan degan xabarlar tarqaldi.
«Middle East Eye» Tehron, Bayrut va Bag‘doddagi manbalariga tayanib yozishicha, Ismoil Qaaniy va uning yaqin safdoshlari yahudiy davlatiga aloqadorlik gumoni bilan tergov qilinmoqda.
General Qaaniy 2020 yil yanvar oyida AQSh hujumi oqibatida «Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy halok bo‘lgach, mazkur harbiy tuzilmaga rahbar etib tayinlangandi.
So‘nggi haftalarda Isroil Eronning yaqin ittifoqchisi bo‘lmish «Hizbulloh» harakatining bir qator qo‘mondonlarini o‘ldirdi. Jumladan, 27 sentyabr kungi hujumda ushbu harakatga 1992 yildan buyon boshchilik qilib kelgan Hasan Nasrulloh va «Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni o‘rinbosari, general Abbos Nilforushan halok bo‘ldi.
Buning ortidan Fransiyaning «Le Parisien» gazetasi «Hizbulloh» tarkibiga kirib olgan, aslida, Isroil foydasiga ishlab kelgan eronlik agent Nasrullohning manzilini Tel-Avivga yetkazgani haqida yozdi.
Isroil armiyasi 4 oktyabr kuni uyushtirgan hujumda Hasan Nasrulloh o‘rniga harakat rahbari etib tayinlangan Hoshim Safiuddin ham halok bo‘ldi.
Bu esa Eron maxsus xizmatlari tizimiga Isroil ayg‘oqchilari yashirincha kirib olgani haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ismoil Qaaniy Livanga Hasan Nasrullohning o‘limidan ikki kun keyin vaziyatni o‘rganish uchun kelgan. U Hoshim Safiuddin ishtirokidagi majlisda qatnashishi ko‘zda tutilgan, ammo general noma’lum sabablarga ko‘ra oqibati halokat bilan tugagan majlisga bormagan.
«Eronliklarda Isroil josuslari Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yashirincha kirib olgani borasida shubha kuchaygan. Ayniqsa, Livanda faoliyat yuritayotganlar gumon ostida. Shu bois barcha (gumondorlar) tergovga jalb etilgan», – deb yozdi «Middle East Eye».
Avval xabar berganimizdek, sobiq prezident Mahmud Ahmadinajod Isroilga qarshi kurashish maqsadida Eron maxsus xizmatlari tizimida tashkil etilgan bo‘linmaga «Mossad» agenti boshchilik qilib kelgani haqida shov-shuvli bayonot bergandi.
Darvoqe, 2020 yilda «Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni, qudratli general Qosim Sulaymoniy haqidagi maxfiy ma’lumotlarni dushman josuslik xizmatiga yetkazishda ham Eron fuqarosi Mahmud Musaviy-Majid ayblangandi.
Eron sudi «AQSh hamda Isroil josuslik xizmati bilan hamkorlik qilib kelgan» Musaviy-Majidni o‘limga hukm qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter