Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Belgiyada 3 mln xonadonni ta’minlovchi sun’iy «energetika oroli» qurilmoqda

Belgiyada 3 mln xonadonni ta’minlovchi sun’iy «energetika oroli» qurilmoqda

Foto: Elia Group

Elia Transmission Belgium kompaniyasi dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy «energetika oroli»ni quradi, deb xabar berdi Interesting Engineering portali.

«Malika Yelizaveta oroli» deb nomlangan ushbu loyiha Belgiyaning qazilma yoqilg‘iga qaramligini pasaytirib, nisbatan arzon va ekologik toza elektr toki bilan ta’minlaydi. Shimoliy dengiz shamollari hosil qilgan ulkan energiya qit’adagi iste’molchilarga yetkaziladi.

«Malika Yelizaveta oroli» poydevori. Foto: Elia Group

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, «Malika Yelizaveta oroli» Belgiyani 3,5 GVt quvvatdagi shamol energiyasi bilan ta’minlab, mamlakatning yashil energiyaga o‘tishini tezlatadi. Orolda hosil qilingan elektr 3 milliondan ortiq xonadonga yetishi aytilmoqda.

Belgiya sohillaridan 45 kilometr olislikdagi «Energetika oroli»ni 2024–2027-yillar mobaynida qurib bitkazish rejalashtirilgan.

 «Malika Yelizaveta oroli» xaritada. Foto: Elia Group

Orolda barpo etiladigan yuqori voltli infratuzilma shamol elektr stansiyalarining eksport kabellarini birlashtiradi hamda Belgiyani Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar bilan bog‘lovchi bo‘lg‘usi liniyalar tutashadigan markazga aylanadi. Bu gibrid interkonnektorlar Belgiya va qo‘shni mamlakatlar o‘zaro elektr almashinuviga xizmat qiladi va Shimoliy dengizdagi yirik shamol stansiyalariga ulanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring