Avstriyada bahsli qonun kuchga kirdi, Britaniya parlamenti bunday qonunni uch karra rad etgandi
Avstriyada 1-yanvardan boshlab evtanaziya haqidagi qonun kuchga kirdi. Endilikda og‘ir va bedavo dardga chalingan bemorlarga ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashish imkoni beriladi.
Evtanaziya huquqidan foydalanmoqchi bo‘lgan bemor kamida ikkita shifokorning maslahatini olishi va o‘z joniga qasd qilish masalasida advokat yoki notariusga murojaat etishi talab etiladi.
Avvalroq, 2021-yil mart oyida Ispaniya ham evtanaziyani qonuniylashtirgan edi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Karolina Darias ushbu bahsli qarorni insonvarvarlik va adolat tamoyillari bilan izohlagan.
Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, voyaga yetgan fuqaro o‘z joniga qasd qilish masalasida ariza bilan murojaat qilishga haqli. Bemorning bu boradagi murojaati 5 oy davomida tibbiy komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi. Mazkur vaqt davomida bemor o‘z istagini kamida to‘rt marta qayta tasdiqlashi lozim. Murojaat inobatga olingudek bo‘lsa, evtanaziya jarayoni shifoxonada yoki bemorning uyida amalga oshiriladi.
Dunyo bo‘ylab sanoqli davlatlarda bemorning ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashuviga qonunan ruxsat berilgan. Ayni paytda Niderlandiya, Belgiya, Shveysariya, Lyuksemburg, Kanada, Kolumbiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya hamda Avstraliya va AQShning ayrim shtatlarida «o‘lim huquqi» – evtanaziyani qonunan amalga oshirish mumkin.
Niderlandiya 2002-yilda dunyoda ilk bor evtanaziyaga qonunan ruxsat bergan. Mamlakat qonunining ikki karra bahsli jihati shundaki, undan 12 yoshga to‘lgan bemor ham foydalanishi mumkin.
Aytish joizki, Buyuk Britaniya parlamentida ixtiyoriy ravishda o‘limga doir qonun loyihasi 1997-yildan bir necha bor muhokamaga qo‘yilgan va har gal rad etilgan.
Evtanaziya yunoncha «eu» (yaxshi) va «thanatos» (o‘lim) so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, «yaxshi o‘lim» degan ma’noni bildiradi. Bu zamonaviy jamiyatning eng og‘riqli va bahsli masalalari sirasiga kiradi. Ko‘p sonli olimlar evtanaziyani o‘z joniga qasd qilish o‘laroq tanqidiy baholaydi va unga qonuniy ruxsat berilishini qoralaydi. Samoviy dinlar, xususan, islomda ham Yaratgan omonat o‘laroq bergan jon ne’matiga qasd qilish gunohi kabira hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter