Aksilkorrupsiya forumi: reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha nimalar qilinmoqda?
17 oktyabr kuni IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqi, GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 250 dan ortiq aksilkorrupsiya idoralari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi.
Tadbirni Oliy Majlisi Senati vakillari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Akiko Fudzii va boshqalar kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Forum davomida Transparency International tashkilotining Korrupsiya indeksi, World Justice Project tashkilotining Qonun ustuvorligi indeksi, Open Data Inventory e’lon qilgan ochiq ma’lumotlar reytingi kabi hisobotlarda O‘zbekistonning ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Anjuman davomida O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda shaffoflik, hisobdorlik va maqbul boshqaruvni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi ta’kidlandi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir doirasida O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 5-raund monitoringi doirasida 2023 yilda qayd etgan yuqori natijalari e’tirof etildi. Xususan, «Korrupsiyaga qarshi siyosat» sohasida «juda yuqori baho» (86 balldan yuqori) bilan Markaziy Osiyoda ilg‘or davlatlardan biri sifatida tan olindi.
Forumning asosiy natijalaridan biri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jahon bankining Halollik boshqarmasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi.
«Korrupsiya fuqarolarning hayot sifatiga zarar yetkazadigan iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Korrupsiyaning oldini olish bu – O‘zbekiston xalqining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarga ko‘proq mablag‘ jalb qilishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy imkoniyatdir», – deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Forumda qator xalqaro tashkilotlar mas’ullari, AQSh, Honkong, Gruziya, Koreya, Litva, Malayziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy kabi mamlakatlarning aksilkorrupsiya idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum amaliyot va tajriba almashish, idoralararo aloqalarni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha so‘nggi xalqaro tendensiyalarni muhokama qilish uchun platforma bo‘lib xizmat qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter