«Yandex.Go» o‘z soliqlarini haydovchilar zimmasiga yuklagani ma’lum bo‘ldi
Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik vakillarining e’tirozlari ortidan bir necha yildan beri O‘zbekistonda rasmiy soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmay faoliyat yuritib kelayotgan «Yandex.Go» xizmati bloklanishi haqida xabar berib, kompaniyaga o‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish bo‘yicha bir qator talablar qo‘yilganini bildirgandi.
Unga ko‘ra, xizmat 1dekabrgacha O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lashi lozim edi. Shundan so‘ng «Yandex.Go» davlat ro‘yxatidan o‘tgani va boshqa taksi xizmatlari bilan birxilda soliq to‘lay boshlagani aytilgandi.
Biroq amalda bunday bo‘lib chiqmadi. «Yandex.Go» garchi de-yure soliqlarni to‘layotgan bo‘lsa-da, de-fakto buni haydovchilar hisobidan qoplayotgani aniqlandi.
Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov «Yandex.Go» agregator ushlab qoladigan xizmat komissiyasi ulushini 13 foizdan 14,6 foizgacha ko‘targani haqida yozdi. Blolerga ko‘ra, bu haqda Toshkent shahridagi «Yandex.Go» platformasiga ulangan taksist haydovchilar tarmoqlarda ma’lum qilishgan.
Bundan tashqari «Yandex.Go»ning qator hamkor taksoparklari ham o‘z ulushlarini 4,0-5,0 foizdan 5,0-6,0 foizgacha ko‘tarishgan. Kelib chiqadiki, 1 dekabrdan keyin haydovchi taksistlarning ko‘rsatilgan xizmat uchun oladigan ulushi 2,6 foiz bandigacha qisqargan.
«Demak, «Yandex.Go» va uning ayrim hamkorlari O‘zbekistonda to‘lamoqchi bo‘layotgan soliqlarining yukini haydovchilarning bo‘yniga yuklagan, qo‘ygan. Ya’ni, haydovchilarning nonini tuya qilish davom etadi.
Jamoatchilik «Yandex.Go» soliq to‘lasin degan talabni qo‘yganda shunday ko‘zbo‘yamachilikni so‘raganmidi? Raqobat qo‘mitasi bormi o‘zi O‘zbekistonda? Rahbarlari mayli, kesilaverib, tildan qolgan, izoh beradigan bironta tirik mutaxassisi bormi antimonopoliyaning?
«Yandex.Go»ning o‘zbekistonliklarni qaqshatishda davom ettirishi bilan bog‘liq bunday namoyishkorona va sinik manipulyasiyasi indamay qabul qilinadimi? O‘zi Soliq qo‘mitasi «Yandex.Go»ni soliqqa tortmoqchi edimi yoki taksi haydovchilarini?», deya kuyinib yozadi Bakirov.
Hozircha Davlat soliq qo‘mitasi ham, Raqobat qo‘mitasi ham ushbu xabarga qandaydir reaksiya bildirgani yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter