«Qanqa shahristoni» yodgorligiga yetkazilgan jiddiy zarar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent viloyatidagi «Qanqa» arxeologiya yodgorligi hududi o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingan, xususan, uy-joylar qurilishi, bog‘ va ekin ekish maydonlari tashkil etilgan. Holat Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida o‘rganilgan. Natijada chindan ham yodgorlik hududiga fuqarolar tomonidan jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Ushbu yodgorlik Toshkentning eng qadimgi poytaxt shahri bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin tutadi. Yodgorlikdagi o‘rta asrlarga oid karvonsaroy mintaqa hududidagi shahar shahristonida joylashgan yagona karvonsaroydir. YuNESKOning rasmiy sahifasida yodgorlik hududi 160 gektar deb qayd etilgan.
«1977-yilda qazuv ishlari natijasida ochilgan va keyinchalik sobiq ittifoq davrida “kolxoz”ga berib yuborilgan shaharning mudofaa devori ichidagi uchinchi shahriston hududi hanuzgacha qaytarib olinmagan. Hududdagi maydonlar sug‘orilishi natijasida yodgorlikning qolgan qismiga jiddiy zarar yetkazilganligi oqibatida vujudga kelgan zaxlik madaniy qatlamning buzilishiga, qadimiy me’moriy inshootlar, devordagi rasmlar va boshqa noyob topilmalarning yemirilishiga olib kelgan.
Shuningdek, uchinchi shahristonning janubi-g‘arbiy qismini o‘ragan mudofaa devorini ichki va ustki qismi mahalliy fermer tomonidan egallanib, bu joyda ayrim fuqarolar uy-joy qurib olgan. Yodgorlikning janubiy qismidagi mudofaa devori ichki qismida qariyb bir gektar maydon ham egallab olinib, turar-joy qurilgan.
Yodgorlikning janubi-sharqiy tomonidagi mudofaa devorining ichki qismidagi maydon ekinzorga hamda mahalliy aholi va tashkilotlar tomonidan chiqindilar maydoniga aylantirilgan. Sohaga mas’ul idoralarning befarqligi sababli obektning turistlar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan g‘arbiy va janubiy tomonidagi yo‘llarning yodgorlikka kirish qismi ham, afsuski, chiqindixona vazifasini o‘tab kelmoqda», deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabarida.
Yodgorlikning kadastr hujjatiga ko‘ra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Aniqlanishicha, ayni paytda uning 0.50 gektariga fuqaro A.B., 0.79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xo‘jalik ekinlari (makkajo‘xori) ekib, o‘zboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.
Bundan tashqari, sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqo‘rg‘on tuman hokimining 2016-yil 8-iyundagi 566-sonli qarori bilan fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band bo‘lgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0.56 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonning 140.4 kv metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bog‘ tashkil qilingan.
«O‘rganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektiga yetkazgan moddiy zarar bo‘yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’yektiga A.P. tomonidan 10 mlrd 367 mln 448,3 ming so‘m, A.B. tomonidan 2 mlrd 423 mln 520,0 ming so‘m, T.B. 1 mlrd 093 mln 950,0 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Agentlik taqdim etgan o‘rganish hujjatlariga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.
Ma’lumot o‘rnida: Vazirlar Mahkamasining «Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida «Qanqa shahristoni» 320-raqam bilan moddiy madaniy meros obekti sifatida ro‘yxatga olingan. Obekt davri miloddan avvalgi III asr — milodning XII asriga taalluqli bo‘lib, u davlat mulki sifatida Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter