Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Markaziy Osiyoda ilk bor. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muhim bitim imzolandi

Markaziy Osiyoda ilk bor. O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muhim bitim imzolandi

Toshkentda O‘zbekiston va AQSh hukumatlari o‘rtasida madaniy merosga oid hujjat imzolandi.

«O‘zbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish to‘g‘risida»gi bitim O‘zbekiston madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdukarimov va AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik tomonidan imzolandi.

«Ushbu kelishuv O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muzey ashyolari va madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishining oldini olish va qaytarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi», – deydi Bahodir Abdukarimov.

«Bugun tarixiy kun, chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQSh bilan madaniy boyliklar to‘g‘risidagi bitimni imzolagan birinchi davlat bo‘ldi. O‘zbekistondan tashqari dunyoning yana 25 ta mamlakati AQSh bilan shu kabi shartnomalar tuzgan. Madaniy meros, san’at va san’at asarlarini muhofaza qilish oson ish emas. Shuning uchun ham ushbu kelishuv bugungi kunda juda muhim qadamdir. O‘zbekistondagi madaniy meros ob’yektlarini himoya qilish va qayta tiklash uchun AQSh hukumati 1 million dollarni ajratdi. Biz O‘zbekistondagi madaniy merosni himoya qilish va uning boy tarixini dunyoga namoyish etish borasidagi sa’y-harakatlaringizda hamkor bo‘lmoqchimiz», – dedi Jonatan Henik.

Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bitim arxeologik va etnologik materiallarni talon-toroj qilishning oldini olish va maxsus ro‘yxatga kiritilgan ob’yektlarni olib kirishga cheklovlarni belgilaydi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, moddiy madaniy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazishga zamin yaratadi.

Madaniy merosga oid hujjatning imzolanishi Toshkent va Vashington o‘rtasida ma’lum muddat davom etgan muzokaralar natijasidir.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston madaniy merosini muhofaza etishga asosan AQSh elchilarining madaniy merosni asrash jamg‘armasi (AFCP) orqali ko‘mak ko‘rsatmoqda. Jamg‘arma 2001-yildan buyon O‘zbekistonda ko‘plab loyihalar, jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi tarixiy obidalar va kolleksiyalarni asrab-avaylash hamda ta’mirlash uchun mablag‘ ajratdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring