Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston talabalari «Seeds for the Future» ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun Qatarga boradi

O‘zbekiston talabalari «Seeds for the Future» ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun Qatarga boradi

2023 yil 30 avgust Huawei kompaniyasi O‘zbekiston talabalari uchun har yili o‘tkaziladigan «Seeds for the Future» ta’lim loyihasini ishga tushirdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonning 7 ta oliy o‘quv yurtidan 15 nafar talaba joriy yilning sentyabr oyida Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 15 ta davlatidan tashrif buyurgan loyiha ishtirokchilari bilan birgalikda AT yo‘nalishlarida tahsil olish uchun Qatarga boradi.

Raqamli texnologiyalar vazirligida Huawei kompaniyasining butun dunyo bo‘ylab iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha korporativ ijtimoiy tashabbusi doirasidagi «Seeds for the Future» ta’lim loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik talabalar to‘qqizinchi marta raqamli ko‘nikmalarini oshirish, bilim almashish, AKT sohasi haqida xabardorlikni oshirish va yosh iste’dodlarning raqamli hamjamiyatini rivojlantirish uchun boshqa mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar bilan birlashadilar. Joriy yilda Doha (Qatar) shahrida O‘zbekistonlik talabalar bilan birgalikda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 15 davlatidan, jumladan Qatar, Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qozog‘iston, Pokiston, Ummon, Iordaniya, Livan, Iroq, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston va Qirg‘iziston kabi universitetlardan 175 nafar talaba loyihada ishtirok etadi.

Loyiha ishtirokchilarini Dohaga safari oldidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida loyihaning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, AT sohasiga ega mahalliy universitetlar rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Huawei kompaniyasi vakillari, shuningdek, «Seeds for the Future»ning TOP-10 ta global Ambassadori loyihasi a’zosi Inha universiteti bitiruvchisi Nodira Tillayeva ishtirok etdilar.

Loyihada ishtirok etish uchun ariza topshirish joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonning 11 ta oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun boshlangan edi. Tanlov natijalariga ko‘ra 15 nafar talaba yakuniy suhbatdan eng yaxshi natijalar bilan o‘tdi. Dastur ishtirokchilari: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent xalqaro ta’lim universiteti, Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining yuqori kurs talabalari, shuningdek «Yangi O‘zbekiston» universiteti talabalari loyihaga ilk bor qo‘shildi.

«Uch yil davomida «Seeds for the Future» dasturi O‘zbekistonda gibrid formatda amalga oshirilganidan so‘ng, loyiha yana bir bor mahalliy iste’dodlar uchun ta’limni xorijga sayohat qilish bilan uyg‘unlashtirib, AKT bilimlarini oshirish imkonini beradi. Nazorat qiluvchi organlar va oliy ta’lim muassasalari ko‘magida O‘zbekistonda hamda Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida AKT iqtidorlarining ochiq ekotizimini birgalikda yaratish orqali biz yoshlarni raqamli dunyo imkoniyatlarini chuqur o‘rganishga ilhomlantirishni maqsad qilganmiz. Biz 2023 yil dasturi ishtirokchilarini tabriklaymiz va ta’lim jarayoni va boshqa mamlakatlar ishtirokchilari bilan madaniy almashinuvdan maksimal darajada foydalanishni istaymiz», dedi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori janob Chen Szyakay.

2023 yil 2 sentyabrdan 9 sentyabrgacha «Seeds for the Future» dasturi davomida ishtirokchilar mintaqaviy tanlovga taqdim etish uchun o‘zlarining Tech4Good loyihasini ham ishlab chiqadilar. Tanlovdan maqsad yoshlarni barqaror rivojlanish maqsadlariga (BMT BRM) erishish uchun raqamli yechimlardan foydalanish orqali o‘z jamiyatlarida ijobiy o‘zgarishlar yaratishga jalb qilishdir. Agar Tech4Good loyihasi hakamlarga muvaffaqiyatli taqdim etilsa, ishtirokchilar 2023 yilning 10-16 sentyabr kunlari BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqichga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Akselerator dasturi natijalariga ko‘ra, Tech4Good g‘oliblari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan yakuniy global tanlovda qatnashish huquqiga ega bo‘ladilar.

«Seeds for the Future» - Huawei kompaniyasining flagman global korporativ ijtimoiy mas’uliyat bo‘yicha ta’lim dasturi hisoblanib, 2008 yilda ishga tushirilgandan beri dasturda 139 mamlakatdan 15 000 dan ortiq talaba ishtirok etdi. O‘tgan yillarda O‘zbekistonlik 50 nafar talaba Xitoyda dastur bo‘yicha, 2020-2022 yillarda esa 82 nafar talaba dasturning onlayn versiyasida ishtirok etgan. 2017 yilda O‘zbekistondan «Seeds for the Future»  loyihasining 4 nafar ishtirokchisi Pekinda bo‘lib o‘tgan «Bir kamar, bir yo‘l» xalqaro sammitida ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring