Bank tizimida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi belgilanyapti
Aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining bank tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi (200 mln so‘m) belgilanmoqda.
Bu borada Quyi palata deputatlari «Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Qayd etilishicha, mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati to‘liq tahlil qilindi. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablag‘lari to‘liq kafolatlanishini ta’minlaydi.
Shuningdek, qonun tashabbuskorlarining ma’lum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘lishadi. Bu omonatchilar pul mablag‘larining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani.
Yig‘ilishda tashabbuskorlar deputatlarning e’tiborini yana bir muhim masalaga qaratishdi. Ta’kidlanishicha, kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi muayyan shaxsning faqat bitta bankdagi omonatiga tatbiq etiladi, ya’ni ushbu shaxs bir vaqtning o‘zida bir nechta banklarda o‘z omonatlariga ega bo‘la turib, mazkur banklarning barchasi tugatilgan taqdirda ham qonun loyihasi bilan yaratilayotgan tizim barcha omonatlarni bir xilda kafolatlaydi.
Ushbu yangi tartibni qabul qilishning zarurati sifatida esa mamlakatda omonatlarni kafolatlash tizimi bilan barcha tijorat banklari qamrab olinmagani, bundan tashqari, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan o‘z mablag‘larini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab bo‘layotgani hamda Jahon banki ekspertlari tomonidan respublikadagi banklarda bu borada ayrim zid qoidalar mavjudligi aniqlangani ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter