Baliq va haykal halok qilgan odam yoxud 27 ta tuturiqsiz o‘lim hodisasi
Har yili yer yuzida insoniyat oldidagi u yoki bu xizmatlari uchun ko‘plab odamlar turli mukofotlar bilan taqdirlanadi. Biroq shunday toifa ham borki, antiqa «reyting»larga munosib deb topiladi. Aniqroq aytganda, g‘alati tarzdagi o‘limlar yuz beradiki, ular fojiaviy tarzda Darvin mukofoti bilan siylanadi.
1. O‘z uyim – o‘lim to‘shagim
Belgiyalik keksa muhandis o‘z uyida qo‘yilgan o‘lim tuzoqlaridan birida ajal topgan. U o‘zining qizi bilan sudlashgan, bu uyga da’vogarlik ishida yutqazgan va ko‘chib chiqishdan o‘lgudek qo‘rqqan edi!
2. O‘z-o‘zini himoyami yoki...
Kimdir baxmal ayiqchani quchib uxlashni yaxshi ko‘radi. Shimoliy Karolinaning Nyuton shtatida yashovchi qirq yetti yashar Ken Charlz Barger esa sevimli 38-kalibrli «Smit va Vesson» miltig‘inn olib yotardi. Bir gal yarim tunda telefon jiringladi va u beixtiyor tarzda «o‘lim mashinasi»ni qulog‘iga tirab... tepkini bosib yubordi.
3. Eng, avvalo, sug‘urta!
O‘z uyining tomini ta’mirlashga kirishgan Los-anjeleslik fuqaro shunday deb o‘ylar edi. U ehtiyot kamarini beliga bog‘lab, boshqa uchini hovlida turgan mashinasining bamperiga mahkamladi. Ittifoqo, ayni shu paytda xotini xarid uchun ketishga hozirlik ko‘rayotgandi. Avtomobil joyidan qo‘zg‘aldi, erkakni tomdan sug‘urib tushirdi va birinchi do‘kongacha sudrab bordi. Xayriyatki, erkak tirik qoldi, ammo...
U chekilgan sigareta qoldig‘ini tashlash oqibatida hojatxonada o‘ldi. Bo‘shab qolgan yondirgichni xotini yonuvchi suyuqlik bilan to‘ldirganini qayerdan bilsin! Eh, taqdiri azal!
4. Tabiatga oshuftalik fojiasi
Kaliforniyalik yosh botanik Atlantika okeanining qoyalardan iborat qirg‘og‘idagi qo‘riqxona bo‘ylab safarga chiqdi. Sayr anchaga cho‘zildi va... zahar tanglik qilib qoldi. Yerni iflos qilmaslik maqsadida dengizga yaqin qoyatoshga bovul qilishga chog‘langan botanik yigit muvozanatini yo‘qotdi va ikki yuz metrli tik jardan qulab tushib, o‘sha zahtiyoq o‘ldi.
5. Go‘zallik ortidan quvib
2005 yili o‘rta yoshli bir xonim toqqa chiqishni ixtiyor qildi. Yo‘lda qandaydir qushning go‘zal patiga ko‘zi tushdi. Uni qo‘liga olmoqchi bo‘ldi, biroq kuchli shamol patni to‘siq tomon tortqilab ketdi. Ayol patning orqasidan izma-iz yugurdi va oqibatda baland qoyadan tushib ketib, bosh-miya jarohati tufayli halok bo‘ldi.
6. Omadsiz talonchilik
Filippin. Davao shahridan chiqqan erkak samolyotda yo‘lovchilarni tunamoqchi bo‘ldi. U bortga yasama parashyut, granatalar va miltiq olib kirishni uddalagan edi. Shu tariqa yo‘lovchilarning 25000 dollar pulini qo‘lga kiritdi. Keyin uchuvchilardan sakrash mumkin bo‘lgan balandlikda samolyotni pasaytirishdarini talab qildi. Samolyotdan tark etishi oldidan esa granatalar o‘rniga ularning halqasini uchuvchilar kabinasiga uloqtirdi. Parashyut ochilmay qoldi va...
7. Hazilkash huquqshunos
Torontolik muvaffaqiyatli yurist ofis derazalari mustahkamligini ko‘rsatish uchun yugurib kelib derazaga tashlanar va idoraga kelgan mehmonlarni qo‘rqitib yuborardi. Ming afsuski, uning 24-urishinishi halokatli bo‘ldi. Deraza sinib ketdi va hazilkash yurist halokatli sakrashni amalga oshirdi.
8. Mastlik oqibati
Avstriyalik fuqaro anchagina spirtli ichimlik ichib olgach, toza havoga chiqmoqchi bo‘ldi. Qandaydir sababga ko‘ra, o‘z uyining eshigi ochilmadi. Shunda kichkina darchadan oshxonaga o‘tmoqchi bo‘ldi, ammo uning boshi suv to‘la rakovinaga tushib qoldi. Erkak qattiq mastligi bois suvni o‘chira olmadi va bo‘g‘ziga suv tiqilib o‘ldi. Vaholanki, o‘z uyining kalitlari uning shundoq cho‘ntagida edi.
9. O‘lja ko‘p, ammo...
Ukrainalik baliqchi qarmoqda baliq tutishni ep ko‘rmay, katta kuchlanishli elektr kabelni daryoga tashladi. Baliqlar yig‘ilgach, ularni yig‘ishtirib olmoqchi bo‘ldi, ammo tokni o‘chirishni unutdi. Natijada omadsiz erkakka o‘ljani qo‘lga kiritish nasib etmadi.
10. Baliqning qasosi
Janubiy koreyalik baliqchi o‘z o‘ljasini sotish maqsadida baliqning ichak-chavog‘ini tozalamoqchi bo‘ldi. Qarangki, hali o‘lmagan baliq kutilmaganda dumini silkitdi va uni bo‘laklashga mo‘ljallangan pichoq baliqchining naq yuragiga kirib ketdi. U shu zahoti jon berdi.
11. Kino hayotga ko‘chsa...
Xitoylik to‘rt nafar o‘smir aql bovar filmlar ko‘rgach, «do‘zaxga sayr» qilishni xohlab qoldi. Ular kalamushni o‘ldiradigan zahar sepilgan qovun yeyishdi va «u yer yoqmasa» qaytishlari haqida yozilgan xat qoldirishdi. To‘rtovlondan ikki nafariga, aftidan, «do‘zax» yoqib qoldi, shekilli! Xayriyatki, qolgan ikkitasi qutqarildi.
12. Mana senga sport!..
Yosh gimnastikachi qiz 17 yoshga to‘lishi munosabati bilan sportdagi muvaffaqiyatini namoyish etmoqchi bo‘ldi. Sakratadigan kapron to‘r sifatida divandan foydalandi. Keyin shu darajada «mahorat»ga kirishib ketdiki, oltinchi qavat derazasidan pastga qulab tushdi. Tug‘ilgan kundagi o‘lim!
13. Qimmatga tushgan qiziquvchanlik
Vetnam. Xoshimin. Yosh qiz hayot bilan vidolashish uchun ko‘prikdan sakrashga keldi. Bu qayg‘uli tomoshani ko‘rish maqsadida ellik nafar odam yig‘ilgan edi. Oqibatda qiziquvchan tomoshabinlarni ko‘tara olmagan ko‘prik qulab tushdi. To‘qqizta odam o‘ldi.
14. Parinshonxotir!
Tajribali sakrovchi Ivan Makguayer o‘zining Shimoliy Karolina uzra sakrashini suratga olmoqchi bo‘ldi. Balandlik 3000 metr edi. O‘zi bilan videokamera olgan Makguayer parashyutni esdan chiqargan edi. Natija ma’lum.
15. O‘zini-o‘zi... dafn!
Fransiyadagi dafn byurosi xo‘jayini Mark Burjat do‘konda tobutlar sotardi. Bir kuni ishda uni bir uyum tobut bosib qoldi. Burjatni shu tobutlardan biriga solib dafn qilishdi.
16 Xurrakdan qutulaman, deb
Gempshirda yashovchi Mark Glison o‘zining xurrak otishiga qarshi g‘alati ish tutdi. U ayollarning beliga qo‘yiladigan maxsus «doka»dan foydalanmoqchi bo‘ldi. Shu maqsadda «doka»ni burni kovagiga tiqib pinakka ketdi. Oqibatda shunchaki uyqusida bo‘g‘ilib jon taslim qildi.
17. O‘ldiruvchi... yordam
Belgiya havo kuchlarining Sudandagi gumanitar yordami fojia bilan yakun topgan. Harbiylarning havodan tashlagan oziq-ovqat qutilari uch nafar mahalliy fuqaroning boshiga tushgan va ular jon taslim qilishgan.
18. Antiqa jazo
Kamerunlik Gerni M Bongo tovuq o‘g‘irlamoqchi bo‘ldi. Yeng shimarib ishga kirishganida esa qo‘lga tushdi. Darg‘azab bo‘lgan mahalliy aholi unga o‘g‘irlagan tovuqni boshdan-oyoq yeyishga majbur qildi. Alal oqibat parranda patlari va suyaklari tomog‘iga tiqilgan baxtsiz o‘g‘ri afiksiya (nafas qisilishi) tufayli vafot etdi.
19. Ziqnalik oqibati
Beg‘am, ishyoqmas avtohavaskorlar ham Darvin mukofotiga munosib deb topiladilar. O‘zining mashinasini sotishga qaror qilgan bir amerikalik bakda qolgan benzinni changyutkich yordamida tortib olmoqchi bo‘ldi. Oradan lahza o‘tmay, portlash ro‘y berdi. Avtomobildan ham, uydan ham, garajdan ham asar qolmadi. Turgan gapki, ularning egasi asfalasofilinga ketdi!
20. Halokatli ermak
Avtomobil boshqarganda diqqat-e’tiboring o‘zingga emas, yo‘lga qaratilishi kerak. Amerikalik yosh yigitchaning esa mashina harakatlanganda burnini kavlaydigan odati bor edi. Bir kuni avtomobil joyidan yengil qo‘zg‘aldi va u esa kuch bilan qon tomirlariga zahmat yetkazib qo‘ydi. Qon ketishi ro‘y berdi.
Mashina eson-omon to‘xtaganda patrul xizmati xodimlari haydovchining o‘lganiga guvoh bo‘ldilar. U qip-qizil qonga belangan edi.
21. Garov o‘ynab...
Moskvalik 28 yoshli Sergey Tuganov AQShga ko‘chib o‘tdi. Bir kuni u rus xonimlari bilan tanishib, 12 soat davomida ishqiy o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lishini aytib, garov o‘ynadi. Keyin esa 5000 dollarni deb uyalib qolmaslik uchun maxsus kuchli doridan ikki o‘ramini ichib yubordi.
«O‘yin» bir necha daqiqa davom etdi, xolos. Yoshgina yigitcha yurak xuruji tufayli dunyodan ko‘z yumdi.
22. Ajal kulgisi
Haddan ziyod kulish yaxshi emas. Kingz Linda yashovchi 50 yoshli Aleks Mitchell VVS kanalining sevimli shousini ko‘rayotib, hazillardan shunchalik ko‘p kuldiki, yuragi dosh berolmadi. U shundoq televizor qarshisida o‘lib qoldi. Kulgi va ko‘z yoshlar!
23. Muzeydagi qochish
Bonnda istiqomat qiluvchi Piter Gruber san’at muzeyida o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘ldi. Ammo muzey qo‘riqchilarini ko‘rganida shunchalik qo‘rqib ketdiki, qocha boshladi. U burchakka keskin burilganida tasodifan haykalning bir metrli qilichiga sanchilib qoldi. Taqdir hazilini qarangki, ushbu eksponat «Adolat quroli» deb nomlanar ekan.
24. Yana yo‘lda...
Fransiyalik yosh haydovchi ayol avtomobil tezligini oshirib, daraxtga borib urildi. Fojiadan bir daqiqa oldin uning sevimli o‘yinchog‘i e’tiborini tortib, chirqillagan edi. Ayol uni qutqarib, o‘z hayotini boy berdi.
25. Omadsiz nazoratchi
2001 yili Kaliforniya hayvonot bog‘i nazoratchisi Stiv Konner filga 22 darajali kuchsizlanturuvchi dori berdi. Ma’lum vaqtdan so‘ng natijani bilish uchun ulkan hayvonning orqasidan yaqinlashdi. Oqibatda filning salkam bir sentnerlik go‘ngi tagida qolib halok bo‘ldi.
26. Tavallud kunida
Muloyim qariya Debbi Milla o‘zining 100 yoshli tavallud kuni bilan nishonlanadigan oqshomga otlandi. U masus tortni olib ketayotganida nogironlik aravachasini mashina urib yubordi. Kampir 99 yilu 364 kun umr kechirdi. Attang!
27. So‘nggi hazil
Yosh xonim Megan Fray nishonga otish harbiy mashg‘uloti paytida politsiyachilarga hazil qilmoqchi bo‘ldi. Ayol birdan ularga qichqirdi va shu zahoti politsiyachilarning 14 ta stvolidan otib o‘ldirildi
Afsuski, yuqoridagi hodisalar bema’ni o‘limlarning to‘liq ro‘yxati emas. Xuddi tug‘ilish kabi o‘lim ham tabiiy jarayon. Uni tezlashtirishga ne hojat! Darvin «zinasi» bo‘ylab chiqmaslikka harakat qiling o‘zingizga va atrofdagilarga e’tiborli bo‘ling!
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter