«Allamjonov xodimlari ishi» bo‘yicha sud qoldirildi. Advokat «ish» tafsilotlarini ochiqladi
Mazkur ish bo‘yicha advokat Davron Saidovning ma’lum qilishicha, u suddan himoyasi ostidagilarga bayonnoma tuzgan uchastka nozirini chaqirishni so‘ragan.
Advokatning bildirishicha, u hozirda Komil Allamjonovning atrofida bo‘lganlar – qo‘riqchi, haydovchi, oshpaz va qorovullarni himoya qilyapti. 15 sutka ma’muriy qamoqqa tashlangan ushbu 7 nafar shaxs tergov guruhi a’zolari tomonidan 2024-yil 25-oktyabrdan 26-oktyabrga o‘tar kechasi sodir etilgan jinoyatga aloqadorligini aniqlash maqsadida Qibray tuman IIB ga olib borilgan va ularning ko‘rsatmalari olib qo‘yib yuborilgan.
Biroq ular noma’lum sabablarga ko‘ra, 26-oktyabr kuni kechqurun yana Qibray tumani IIBga chaqirilgan. Qibray tumani ichki ishlar bo‘limida ulardan mayda bezorilik qilganliklari to‘g‘risidagi hujjatga imzo qo‘yish so‘ralgan. Ular bu hujjatlarni imzolashdan bosh tortgach, Qibray tuman sudiga olib borilgan. Ular advokat bilan ta’minlanmasdan va sud tomonidan eshitilmasdan 15 sutka qamoqqa hukm qilib yuborilgan.
2024-yilning 3-noyabriga qadar advokatlar ular bilan uchrashishga ruxsat berilmagan, sud qarorlari ustidan shikoyat qilish imkoni ham bo‘lmagan.
Advokat Davron Saidovning aytishicha, ushbu fuqarolarning himoyasi uchun uni Komil Allamjonov yollagan.
«Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqarilgan qaror bilan tanishib chiqdim va so‘roq qilish orqali ma’lum bo‘ldiki, aslida o‘sha kuni hech qanday ma’muriy huquqbuzarlik bo‘lmagan. Ya’ni, bu fuqarolar sud hukmida ko‘rsatilganidek, Qibray tumanidagi «Arg‘in» kafesida bo‘lmagan, alkogolli ichimliklar iste’mol qilgan va mayda bezorilik ham sodir etmagan. Ammo, shunga qaramay, ular yuqorida aytilganidek, tuman IIB xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, qamoqqa olingan.
Ushbu ish bo‘yicha apellyasiya shikoyati berilganidan keyin apellyasiya sudi ularni sud zaliga taklif qilishni rad etgan.
Advokat Saidov esa MjTK qoidalariga ko‘ra, himoyasi ostidagilarning suddagi ishtiroki ta’minlanishi shart deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin Oliy sud bugun, 13-yanvar kuni Komil Allamjonovga suiqasddan so‘ng jamoat tartibini buzganlik aybloviga ko‘ra 15 sutkaga qamoqqa olingan yetti nafar fuqaroning ishi bo‘yicha taftish tartibida ochiq majlis o‘tkazilishi haqida xabar bergan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter