Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Usmonli davlatining ilk poytaxti, 20 ta gumbazli masjidi, kashtanli murabbosi bilan mashhur shahar... (foto)

Usmonli davlatining ilk poytaxti, 20 ta gumbazli masjidi, kashtanli murabbosi bilan mashhur shahar... (foto)

Ulu (Katta) masjid.

Foto: Xabar.uz

Turkiya madaniyat va turizm vazirligining «Turkiyada Ramazon» dasturi doirasida ushbu mamlakatga kelgan o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik jurnalistlar, jumladan, Xabar.uz muxbiri 19 va 20-mart kunlari Bursa viloyatida bo‘lishdi.

Istanbul va Bursa shaharlari oralig‘idagi masofa — 150 kilometr. Haydovchi va gid bu masofani bosib o‘tishga 3 soat vaqt ketishini aytishdi. Shunday ham bo‘ldi. Katta megapolis — Istanbuldan chiqishning o‘zi biroz vaqt oldi. Yo‘l judyam tekis, hali erta bahor bo‘lsa-da, yon-atrof yashil tusga kirib ulgurgan. Katta yo‘lning har ikki tarafida zaytunzorlar, archazorlar, kichik issiqxonalarni, yorug‘ va tekis yer osti yo‘llarini, turli ko‘rinishda bunyod etilgan uylar, ishlab chiqarish obyektlarini tomosha qilib, masofani uzoqligi ham bilinmay qoldi. Bursa shahri tog‘ ichkarisida joylashgani sababli kun davomida yomg‘ir ham yog‘di, qor uchqunladi va keyin quyosh ham chiqib ketdi.

Bursa Turkiyadagi to‘rtinchi yirik shahar hisoblanadi. Keling, shu o‘rinda biroz shahar tarixiga to‘xtalsak. Ushbu shahar 395-yildan to 1326-yilgacha Vizantiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan. 1326-yili Vizantiya mag‘lubiyatga uchragach, Usmonli davlati hukmdori Usmon G‘oziy va uning o‘g‘li Orxan harakatlari bilan Bursa Usmonli imperiyasi tarkibiga o‘tdi. Va bu shahar 1326–1365-yillarda Usmonli davlatining ilk poytaxti bo‘ldi.

Bursada jurnalistlar dastlab Usmonli imperiyasini boshqargan Sulton Murod Chalebiy tashabbusi bilan XV asr o‘rtalarida barpo etilgan Murodiyo majmuasini borib ko‘rishdi. Majmuaning barcha asosiy muassasalari hozir ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Sulton Murod Chalebiy maqbarasi ham bor.

Yashil masjid — musulmon maktabi va Sulton Mahmud Chalebiy qabrini o‘z ichiga olgan majmua. U XV asrda qurilgan va hanuzgacha muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.

Masjidning tashqi tomoni Turkuaz marmari bilan bezatilgan, nomi ham shundan kelib chiqqan. Ayniqsa, quyoshli kunlarda bino tovlanib, marmar yaxshi ko‘rinadi. Ichki makon ham yashil rangda.

To‘pxona bog‘i Bursaning eng qadimiy maskanlaridan biri. Uning hududida bugungi kungacha qisman vayron qilingan shaklda saqlanib qolgan qadimiy Hisor qal’asining qoldiqlari mavjud. Bog‘ har qanday mavsumda sayr qilish uchun juda yaxshi va sayyohlar va mahalliy aholi orasida mashhur.

Bog‘ning tepasida kuzatuv maydonchasi bor, undan shaharning go‘zal manzaralarini tomosha qilishingiz mumkin.Bu yerda to‘rtburchak ko‘rinshidagi 6 qavatli kuzatuv binosi va 5 ta qadimiy to‘p bor, bog‘ nomi ham shundan kelib chiqqan. Bog‘da Usmonli davlati asoschisi Usmon II va uning o‘g‘li Orxanning qabrlari, ya’ni turbatlari joylashgan.

Bursaning diqqatga sazovor maskanlaridan biri Ulu (Katta) masjidi 1396–1400-yillarda Sulton Boyazid buyrug‘i bilan Saljuqiylar uslubida qurilgan. U 20 gumbaz hamda 12 ustun va 2 minora bilan bezatilgan. E’tiborlisi, masjid ichida favvora bo‘lib, u bir vaqtlar tahorat olish uchun xizmat qilgan, hozir ham undan foydalanishadi. Favvora ustidagi gumbaz katta derazaga ega bo‘lib, binoni yoritishda muhim rol o‘ynaydi. Bursa doim gavjum savdo markazi bo‘lgan: tarixiy jihatdan u orqali muhim savdo yo‘llari o‘tgan va aynan shu yerda Buyuk Ipak yo‘lining qismi tugagan. XV asrda shaharda Koza Xan bozori paydo bo‘ldi, unda asosan tabiiy xitoyi ipaklar sotilgan. Hozir ham ushbu bozorda tabiiy matolar savdosi faol yo‘lga qo‘yilgan.

Bursa tarixiy va zamonaviy qiyofani o‘zida uyg‘unlashtirgan shahar, bu yerda avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab salonlar bor. Tramvay va metro, mikroavtobuslar jamoat transportining qon tomiriga aylangan, sayyohlar esa ko‘p. Bursa go‘zal tabiati, milliiy taomlari va boshqa joyda uchramaydigan kashtanli murabbosi bilan hamisha kishini o‘ziga maftun qilishi bilan unutilmas taassurotlar qoldiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring