«Al-Kutubiya masjidi minorasi»: Cherchill chizgan suratni Anjelina Joli 11,5 million dollarga sotdi
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill chin ma’noda serqirra inson edi: siyosatchi, harbiy, jurnalist, yozuvchi, rassom...
Yaqinda Gollivud yulduzi Anjelina Joli Cherchill ijodi mahsuli — «Al-Kutubiya masjidi minorasi» suratini kimoshdida sotib, yaxshigina pul ishlab oldi. Bu asarni unga sobiq turmush o‘rtog‘i Bred Pitt o‘n yil ilgari sovg‘a qilgan. Surat «Christie’s» auksionida rekord summa — 8,28 million funt sterling (11,5 million dollar)ga sotildi.
Mutaxassislar boshida Cherchillning ushbu asari 1,5-2,5 million funt sterling ($2–3,4 mln. dollar)ga ketishini mo‘ljallashayotgandi. Asarning yangi sohibi nomi ma’lum qilinmadi.
«Al-Kutubiya masjidi minorasi»da Marokashning Marrakesh shahridagi olislarda Atlas tog‘lari ko‘rinib turgan ko‘hna masjid tasvirlangan. Cherchill asarni 1943-yili Kasablanka konferensiyasidan so‘ng bitkazib, AQSh prezidenti Franklin Ruzveltga sovg‘a qilgan.
Asar Ruzveltning o‘g‘li Eliotga meros qolgan, keyinchalik bir necha marta egalari almashib, ko‘rgazma va kimoshdilarga qo‘yilgan. Bred Pitt asarni 2011-yili sotib olgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter