Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Suvga tushganlar kimni «suvdan quruq» chiqarishmoqchi?

Suvga tushganlar kimni «suvdan quruq» chiqarishmoqchi?

Hamkasblarga rahmat, xossatan, Kun.uz saytining muxbirlariga. Ularning sa’y-harakatlari sabab ijtimoiy tarmoqlarni portlatayozgan surat – olti nafar erkakning ariqda tizzasidan suvga botib turgan holatiga oydinlik kirdi.

Voqea Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan ekan. “Mahkumlar”ning kimligi ham bilindi: tuman hokimi o‘rinbosari, tuman qishloq va suv xo‘jaliklari bo‘limlari boshliqlari, ikki nafar fermer, mahalla oqsoqoli... Xullas, har biri, qonun tili bilan aytsak, mas’ul, mansabdor shaxslar... Ular nega bunday jazoga mustahiq etilgani sababiyam ma’lum (g‘alla ekilgan maydonlar vaqtida sug‘orilmagan!), biroq “hukm”ni kim chiqargani go‘yoki mavhumligicha qolmoqda. Emishki, tuman hokimi o‘rinbosari, o‘zining aytishicha, fermerlarga jahl qilib, shundoqqina g‘alla maydoni chetida to‘lib-to‘lib oqayotgan ariqni ko‘rsatib: “Mana, suv! Nega sug‘ormaysan?!” deya (suvga) sakrabdi! Uni ko‘rgan aybdorlar ham sekin-asta suvga tushganmish: ixtiyoriy, kiyim-piyimiyu poyabzal-moyabzali bilan...

O-la, demaslikning ilojisi yo‘q: bunaqasini na ertakda, na jinnilar haqidagi latifalarda uchratasiz!

O‘sha kuni (27-oktabr) bir hukumat amaldori viloyatning katta-kichik rahbarlari bilan shu tumanga tashrif buyurgani ma’lum. “A’yonlar” orasida viloyat prokuraturasi mas’ullari bo‘lgani ham aytilmoqda. Biroq ular, bu “tomosha” ko‘rsatilayotgan paytda, o‘sha yerda emas, sa-al narida turishgani bois bunday “sadoqat lahzalari”ga guvoh bo‘lishdek saodatdan bebahra qolishibdi?! Yo‘qsa, “sadoqat timsoli bo‘lgan” oltovlonning peshonasidan cho‘lpillatib o‘pib, sen yetim emassan, tinchlan, jigarim, yaxshisi, bor, ishtoningni almashtirib kel, dermidi, vallohu a’lam?! Kuligili... Alamlisiki, xo‘rlangan o‘sha rahbar (umuman tuman rahbarlari) o‘zlarini suvga tushirgani ehtimoli katta bo‘lgan amaldorni “suvdan quruq chiqarish”ga chiranishmoqda: kurak tugul, tuvakda turmaydigan “asoslar” ko‘rsatib...

Bu voqelik xususida ko‘p gapirish mumkin. Biroq bundan kimga naf?! Aqlli gaplardan charchadi-ku bu millat! So‘kong‘ichligiyu zo‘ravonligi bilan “namuna bo‘layotgan” rahbarlarga nisbatan jiddiy choralar ko‘rilmas ekan, bunaqangi sharmandali voqealar qayta ro‘y bermasligiga kafolat yo‘q! Millatning asl qiyofasini belgilaydigan omil ikkita: g‘urur va ma’naviyat! Suratda ayni ikki omil oyoqosti qilinganini ilg‘ash qiyin emas: Katta Amaldordagi ma’naviyat haminqadarligiyu kichiklarida g‘ururning yo‘qligi!

Endi ayting: O‘zbekistonning xalqaro doiralarda ijobiy imijini shakllantirish borasida katta mashaqqat chekilayotgan bir paytda “ichkarida”, yana deng, hukumat rahbarlaridan biri buning teskarisini qilayotgani, yonidagilar esa tomoshabinlikdan nariga o‘tmayotganini qanday oqlash mumkin?!. Donishmadlar bejiz aytishmagan: yovuzlikning g‘alabasi uchun yaxshilarning loqaydligi kifoya...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring