Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qizamiqdan koma holatigacha... Kasallikka chalingan bolalarning ota-onalari murojaatiga SSV munosabat bildirdi

Qizamiqdan koma holatigacha... Kasallikka chalingan bolalarning ota-onalari murojaatiga SSV munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizda sklerozlashgan panensefalit kasalligi bilan og‘rigan bolalar ota-onalarining Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaatlari aks etgan videotasvirlar tarqalmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

Sklerozlashgan panensefalit xavfli bosh miya kasalligi bo‘lib, asosan bolalar va o‘smirlarda kuzatiladi. Bu patologiya aksariyat hollarda qizamiq asorati sifatida yuzaga kelishiga qaramay, uning etiologiyasi boshqacha ham bo‘lishi mumkin.

Xastalik alomatlari dinamikada kuchayib, umumiy rivojlanishdan orqada qolish, talvasa xurujlarining ko‘pligi, mushak tonuslari ortishi, keskin vazn yo‘qotish bilan namoyon bo‘ladi va xastalikning so‘nggi bosqichida bemor koma holatiga tushadi.

Bugungi kunda yurtimizda sklerozlashgan panensefalitga chalingan 130 nafardan ziyod bolalar ro‘yxatga olingan. JSST tahlillariga ko‘ra, sklerozlashgan panensefalit qizamiq bilan kasallangan har 100 ming bemordan 4-11 nafarida uchraydi.

Mazkur xastalik qizamiqni boshdan o‘tkazganlarda 2,5 yildan 34 yilgacha bo‘lgan davrda alomatsiz kechishi mumkin. Uning dastlabki bosqichlarida hech qanday patologik o‘zgarishlar kuzatilmasligi tufayli kasallikka aniq tashxis qo‘yish ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi.

Xalqaro ekspertlar xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bolalarda uchrayotgan sklerozlashgan panensefalit aholi orasida qizamiqqa qarshi emlanishdan bosh tortish holatlari ko‘payganligi tufayli yuzaga kelmoqda. Yurtimizda ham ushbu kasallikka chalingan bolalarning aksariyati qizamiqqa qarshi emlanmagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu bemorlarni davolash, ularni tegishli dori vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Xususan, shu kasallikka chalinganlar ro‘yxati shakllantirilib, ular to‘liq nazoratga olingan. Hozir bemor o‘g‘il-qizlar poytaxt va hududlardagi bolalar tibbiyot muassasalarining nevrologiya va reanimatsiya bo‘limlarida simptomatik davolanib kelmoqda.

Shuningdek, JSST standartlaridan kelib chiqib hamda bu kasallikni davolash bo‘yicha dunyoda yagona samarali davolash usullari belgilanmaganini hisobga olgan holda vazirlik tomonidan sklerozlashgan panensefalitni simptomatik muolaja qilish yuzasidan klinik protokol qisqa muddatlarda, yetuk mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqildi.

Qolaversa, ushbu kasallikda kuzatiladigan talvasa hurujlarini kamaytirishga yordam beruvchi «Klonazepam» dori vositasini (narkotik va psixotrop dori vositalari guruhiga kiruvchi preparat) ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, o‘rnatilgan tartibda yurtimizga olib kelindi va hududlarga yetkazildi.

Bundan tashqari, sklerozlashgan panensefalit kasalligini tashxislash va davolash uchun xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olingan.

Shuningdek, kuni kecha yurtimizda sklerozlashgan panensefalit bilan kasallangan bolalarga tibbiy yordamni tashkil etishni yanada rivojlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘i qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joylarda hududlar bo‘yicha qizamiq bilan bog‘liq bo‘lgan sklerozlashgan panensefalit kasalligiga chalingan bolalar to‘g‘risida yangilangan mukammal ma’lumot shakllantirilib, har bir o‘g‘il-qizni dispanser nazoratiga olish tizimi yanada takomillashtirildi.

Barcha dispanser nazoratiga olingan bolalarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan milliy klinik protokol asosida tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Muhimi, bemorlarga holati bo‘yicha statsionar yordam ko‘rsatish uchun ehtiyot chorasi sifatida hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida o‘rin-joylar tashkil etish ham ko‘zda tutildi.

Ushbu kasallik bilan yangidan nazoratga olingan yoki bunga shubha bo‘lgan bolalarga yakuniy tashxis qo‘yish va davo choralarni ko‘rish uchun ular imtiyozli yo‘llanma asosida Bolalar milliy tibbiyot markaziga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ushbu muassasa hududiy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida qizamiq bilan bog‘liq bo‘lgan sklerozlashgan panensefalit bilan davolanayotgan bolalarga telemeditsina yoki masofaviy aloqa orqali va zarur holatlarda joylarga chiqqan holda amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilishini tashkillashtiradi.

Bundan tashqari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markaziga birlamchi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib boruvchi bolalar nevrologlari, oilaviy shifokorlar uchun qizamiq bilan bog‘liq bo‘lgan sklerozlashgan panensefalit xastaligini erta aniqlash bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Tadbirda ishtirok etgan bemorlarning ota-onalariga kasallikni davolashda jahon tibbiyotida qo‘llaniladigan asosiy muolaja usullari xususida ma’lumot berilib, shifokor va tegishli mutaxassislar tomonidan ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi, deyiladi rasmiy munosabatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring