Chiqindi sohasidagi qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha zamonaviy tizim joriy etilmoqda

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, yurtimizda chiqindilarni boshqarish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qancha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo bugungi kunda ushbu sohada ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi natijasida debitor qarzdorlik keskin oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, tizimda 600 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik mavjud. Bu esa bir qator muammolarga sabab bo‘lmoqda, xususan, tegishli tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritishga, sohaga tadbirkorlik sub’yektlari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Bugunga qadar to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan abonentlarga nisbatan faqat sud tartibida chora ko‘rilar va bu jarayon uzoq davom etardi. Yangi Qonun bilan esa ovoragarchilik va murakkabliklarga chek qo‘yilmoqda.
Qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslari, «Raqobat to‘g‘risida»gi va «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarga qisqa xabar (SMS) yuboriladi. Shundan so‘ng mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar iste’molchidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmalar to‘lovlarning ishonchli hamda to‘g‘ri hisob-kitob qilinishini ta’minlaydi. O‘z navbatida qarzdorlikni bartaraf etgan iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlardagi vaqtinchalik cheklovlar olib tashlanadi.
Mazkur Qonun aholiga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini yaxshilash, ushbu sohaga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishga xizmat qiladi. Bu esa, albatta, aholiga yanada sifatli va shaffof xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter