Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Sudyani sudga berib bo‘ladimi?

Sudyani sudga berib bo‘ladimi?

Foto: «LiveJournal»

O‘tgan haftada «Citi Palace» mehmonxonasining anjumanlar zalida kattagina tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda sud tizimi shaffofligi, ayni tizimga jamoatchilik ishonchini oshirish, bunda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Kun tartibidagi mavzu yuzasidan keyingi oylarda bir necha tadbirlar uyushtirildi, ularda ko‘p yaxshi gaplar aytildi, takliflar o‘rtaga tashlandi. Katta ehtimolki, kelajakda bu mavzuga qaytiladi yana. Chunki, ikkala tizim faoliyatida uyg‘un qirralar yetarli, demak, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yetarli.

Bo‘lib o‘tgan tadbirda uchinchi va to‘rtinchi hokimiyatning hamkorlik istiqbollariga balandroq mezonlar bilan qaraldiki, buni tashkilotchilar, taklif etilgan xorij ekspertlarining maqomi ham aytib turibdi. Ya’nikim, tadbir Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi va «Huquqiy dialog» (Sloveniya) tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda AQShning Massachusets shtati sud-huquq tizimi vakillari mehmon bo‘lib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashish asnosida tegishli taklif-tavsiyalar berdilar. Muhokamalarda mahalliy OAV vakillari va sud tizimi xodimlari ham bo‘sh kelishgani yo‘q. Bularning hamma-hammasi haqida kengroq, atroflicha so‘z yuritish talab etiladi. Shu bois tadbir tafsilotlarini yaqin kelajakka qoldirib, hozircha muhokamada ko‘tarilgan «eski masala»ga mahalliy sudyamizning yangicha tavsiyasi xususida gaplashsak.

«Eski masala» nima?

Bu jurnalistning ochiq sud majlisidagi ishtiroki, unda ish qurolidan foydalanish imkoniyatiga doxil gaplar. Ayni masala muhokama qilinaverib-qilinaverib, iyig‘i chiqib ketdi rosti. Shunga qaramay kun tartibidan tushgani yo‘q.  Jurnalistning ochiq sud majlisida hozir bo‘lishi qonunan kafolatlangan. Gap yo‘q, tushunarli. Biroq ish qurolidan foydalanishi sud majlisiga raislik etuvchining xohishiga bog‘liq: xohlasa — ijozat beradi, xohlamasa — yo‘q. Sudyaning bu huquqi ham qonunan mustahkamlangan. Goh-goh teleekranlarda ko‘zga tashlanib qoladigan sud zalidan reportajlar, ijtimoiy saytlardagi lavhalar-chi, dersiz? Bunday efirlar asosan sudning tashabbusi bilan amalga oshiriladi: o‘zlari taklif qilishadi, o‘rni kelsa, taklif iltimos shaklini olishi mumkin. Munosabat ham shunga yarasha deng: jurnalist tavoze ila kutib olinib, izzat-ikrom bilan kuzatiladi. Boshqa payt, yanayam aniqrog‘i, jurnalist «taklifnoma»siz sudga borsa, kamerasi tugul, hatto uyali telefoni ostonadayoq olib qo‘yiladi...

Ochiq sud majlislarida jurnalistning ish qurolidan foydalanishiga ijozat berish-bermaslik sudyaning mutlaq huquqi ekan, ortiqcha bahsga hojat yo‘q, aslida. Faqat sudyaga shunday huquq berilgani maqsadga muvofiqmi yoki yo‘qmi — shu haqda jiddiy bosh qotirish kerakday. Rost-da, deylik, fotoapparati bilan sudga kelgan muxbirning maqsadi sudyani esdalik uchun suratga olish emas-ku?!  Bu haqda donishmand nazariyotchi va amaliyotchilar bosh qotirayotgandir ehtimol, biroq jurnalistni «qup-quruq» holatdayam sud majlisiga qo‘ymaslik holati hamon uchrab turibdi-ku?! Oliy sud raisi ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvlarda bir emas, ikki bor bu masalada muammo yo‘qligini baland ohanglarda ta’kidlagandi. Oliy mahkama rahbarining o‘tli bayonoti zarb etilgan maqolalar siyohi qurib ulgurmay, FIB Andijon tumanlararo sudi sudyasi mahalliy nashr muxbirini sud majlisiga qo‘ymadi. Bu haqda o‘z vaqtida bong urildi. OAVdagi tanqidiy chiqishlarga darhol munosabat-raddiya berish hadisini olayotgan Oliy sud matbuot xizmati bu safar negadir ji-im. Qachonki, yaqinda OAV vakillari bilan bo‘lgan matbuot anjumanida shu mavzu ko‘tarilganidan keyingina Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov aytdiki, FIB Andijon tumanlararo sudi sudyasiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi, deb. Biroq oliy mahkama rahbari o‘rinbosarining gap ohangidan jurnalistning huquqini poymol qilgan sudya suvdan quruq chiqib ketishi ehtimoli yo‘q emasday...

Mayli, bashorat qilish bizgamas. Gapning indallosiga o‘taylik: jurnalistning xos huquqi sudlar tomonidan buzilganida nima qilmoq lozim?

Yozish kerak? Yozildiyam. Biroq  toshga aytilgan azon misol — ta’sir qilmayapti-ku?!

Tadbirda faol ishtiroki va ensani qotiruvchi ma’ruzalari bilan e’tiborni tortgan poytaxt tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi bunday holatda sudyani... sudga berishni tavsiya qildi. Aytdiki, mamlakatimizda ma’muriy sudlar ishlab turibdi, ushbu yangi huquqiy institut aynan mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustida shikoyat qilish uchun tuzilgan, sudya ham mansabdor, baski, uning ustidan shu sudga murojaat qilishdan sizni nima to‘syapti?

Tavsiya-maslahat jo‘yaliday. Biroq bunga huquqiy imkoniyati-chi? To‘g‘ri, Konstitutsiya har bir shaxsga o‘z haq-huquqini sud orqali himoya qilish imkoniyatini bergan. Ammo imkoniyat bo‘lib, iloj bo‘lmasa-chi?

Bugun fuqarolarning aqli ming g‘ovlamasin, amaliyotda sudyani sud berish holati yo‘q. Bundan bir necha yil avval bir fuqaro sudyani sudga berib ko‘rgandi. Uning da’vosi sudda ko‘rilmay qoldirilgandiki, sudyani sudga berish «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilmagan, deb. O‘tgan vaqt davomida mazkur qonunga yaxshigina o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani bois ushbuni yozish jarayonida birrov nazar tashlandi. Qarang-da, qonunda sudga hurmatsizlik qilgan shaxs javobgarlikka tortilishi bor, sudyaning talab va farmoyishlarini bajarmagan ham «olib yeyishi» ko‘rsatilgan, sud ishiga aralashgan-ku o‘zidan xafa bo‘lishi ham eslatilgan, biroq biror joyida «sudyani sudga berish mumkin» mazmunida me’yor yo‘q. Tag‘inam huquq peshvolari biladi — sudyani sudga berish mumkin yo mumkin emasligini. Biroq, fikri ojizimizcha, birov sudyani sudga berib, murodi hosil bo‘lishi — shunchaki ertak.

Sudya qaroriga nisbatan yuqori instansiyaga shikoyat qilish mumkin, uning xatti-harakatlari ustidan O‘zbekiston sudyalar oliy kengashiga arz-dod qilsa bo‘ladi. Illo sudyani sudga berishga yo‘l bo‘lsin. Bu — masalaning huquqiy jihati. Masalaning ijtimoiy-maishiy jihati ham borki, bu, juda yumshoq aytganda «hamkasblar birdamligi»ga borib taqaladi. Bitta tuman sudyalarining to‘yi bir, ma’rakasi bir, u yog‘ini so‘rasangiz katta rahbari ham bitta. Deylik, fuqarolik ishlari bo‘yicha N. tuman sudi sudyasining xatti-harakatlari ustidan shu tumanning ma’muriy sudiga murojaat qilindi. Ertalab bir lagandan osh yegan ikki sudyadan biri tushdan keyin hamkasbini sudga chaqirib, so‘roq-savol qilishi tasavvuringizga sig‘yaptimi? Umuman, ishlab turgan jinoiy, fuqarolik yoki iqtisodiy sud sudyasining ma’muriy sudda javobgar sifatida turishini-chi?

Darvoqe, ma’muriy sud sudyasining o‘zini qaysi sudga berish mumkin?

...Qisqasi, jurnalistlarga amalga oshirishning imkoni ham, iloji ham yo‘q «tavsiya» berish quloqqa lag‘mon osishdan boshqa narsa emas.

Jiddiy tadbirlarga jiddiy gaplar yarashadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring