Nega Saudiya AQShdan uzilib, Xitoy tomon yuzlandi?
Kecha, 29-mart kuni Saudiya Arabistoni Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga to‘liq a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi memorandumni ma’qulladi. Bu qarorni rasmiy Ar-Riyod Xitoy bilan uzoq muddat hamkorlik qilish maqsadida qabul qilganiga shubha yo‘q. Qiziq, AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin hamkori hisoblangan Saudiya, nega bugungi kunga kelib geosiyosiy «oriyentir»ini Xitoyga qaratmoqda? ShHTga a’zo bo‘lish Saudiya Arabistoniga nima beradi?
AQSh va Saudiya o‘rtasidan qanday «ola mushuk» o‘tdi?
Aslida Saudiya Arabistonining Shanxay hamkorlik tashkilotiga kirish harakati sal oldinroq boshlangan. 2018-yilning kuzida The Washington Post jurnalisti Jamol Qoshiqchi Saudiya razvedka xizmati xodimlari tomonidan o‘ldirilishi AQSh va Saudiya Arabistoni munosabatlarining sovuqlashishiga turtki berdi. Jurnalistning o‘ldirilishi ortidan Amerika ma’muriyati rasmiy Ar-Riyodga bosimlar qila boshladi. Lekin 2020-yilda AQSh-Eron munosabatlarining urush yoqasiga kelib qolishi, AQShni Ar-Riyod bilan yaqin aloqada bo‘lishga majbur qildi.
2021-yilda AQShda hokimiyat tepasiga demokratlardan hisoblangan Jo Bayden kelgach, Vashingtonning Yaqin Sharq masalasida qarashlari biroz o‘zgardi. Bu Saudiya bilan qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirdi. Albatta, bunga bir necha sabablar mavjud. Xususan, Ar-Riyod doim Bayden ma’muriyati oldiga bir nechta talablarni qo‘yib keladi. Bular:
Birinchi – aslida mamlakatni boshqarib kelayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon al-Saud prezident Jo Baydendan mamlakat oliy hokimiyatiga da’volarini rasman tan olishini istaydi.
Ikkinchi – 2014-yilda boshlanib, hozirgi vaqtgacha davom etib kelayotgan Yamandagi fuqarolar urushida AQSh pozitsiyasini o‘zgartirish va Yamanda joylashgan Saudiya Arabistoni koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlash.
Uchinchi – Eronni qo‘llab-quvvatlovchi hutiy isyonchilariga qarshi birgalikda kurashish, Eronning yadro dasturini muzlatish va xavfsizlik kafolati.
Ammo Jo Bayden ma’muriyati shu vaqtga qadar Saudiyaning bu chaqiriqlarga jo‘yali javob ham qilmadi. Qaytaga, 2022-yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlangach, AQSh hukumati jahonda neft narxini pasaytirish uchun Ar-Riyoddan neft qazib olishni ko‘paytirishni talab qildi. Bu ishdan asl maqsad Rossiyaning neft savdosidan olayotgan mablag‘ini kamaytirish edi.
Neft narxining pasayishi Saudiya Arabistoni uchun ham yaxshigina zarar edi. Bu vaziyatda Ar-Riyod, talablarini inobatga olmay kelayotgan Amerikaga rad javobini berdi.
AQSh bo‘lmasa, boshqasi
Saudiya Arabistonining AQSh bilan ziddiyatga borishi, Ar-Riyodni o‘ziga boshqa ishonchli hamkor topishga undadi. Bu paytda Saudiya manfaatlariga mos ravishda javob bera oladigan davlat bu – Xitoy edi.
O‘quvchida «Saudiya uchun Rossiya mos emasmi?», degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Yo‘q! Moskva va Ar-Riyod jahon bozorida neft sotish bo‘yicha raqobatchi hisoblanadi.
Saudiya uchun Xitoydan boshqa mos hamkor yo‘qligini bilgan Si Szinpin 2022-yilning dekabr oyida Ar-Riyodga yetib keldi. Bu esa Saudiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni jadal suratda o‘sishi uchun dastak bo‘ldi.
Ar-Riyod uchun Pekin bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik qilish ancha qulay edi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni ShHTga a’zo bo‘lsa, Eron masalasini ortiqcha muammosiz hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Ehtimol, Si Szinpin yopiq eshiklar ortida Saudiya qirolidan Eron muammosini hal qilib bersa, evaziga Ar-Riyod ShHTga qo‘shilish kerakligini ta’kidlagandir!? Chunki shu yilning mart oyi boshida Pekinda bo‘lib o‘tgan Saudiya va Eron o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarini qayta tiklashga qaratilgan muzokaralar ijobiy yakunlanganiga bir oy bo‘lmasdan, Ar-Riyod ShHTga to‘liq a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi memorandumni ma’qulladi.
Rossiyadan voz kechib, Saudiyani tanlagan Xitoy
Bir necha kun oldin Saudiya Arabistonining «Saudi Aramco» neft va gaz kompaniyasi Xitoyga ko‘p milliard dollarlik sarmoya kiritish rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Saudiya Xitoy shimoli-sharqida naftni qayta ishlash zavodi va neft kimyo qo‘shma korxonasi qurishni rejalashtirgan. Kelishuvga ko‘ra, Xitoy Saudiya Arabistonidan katta miqdordagi neftni dollarda emas, yuanda sotib oladi.
Aslida bu loyihaga Rossiya ega chiqmoqchi edi. Biroq Xitoy Rossiya emas, Saudiyani tanladi. Albatta, buni o‘ziga yarasha sabablari mavjud.
Xitoy pul birligida oldi-berdi qilish Saudiya uchun ancha foydali. Sababi, Ar-Riyod neftni sotishdan tushgan yuanni Xitoy bilan savdo-sotiqda bemalol ishlata oladi. Xitoy bozorlarida esa Saudiya istagan har qanday mahsulot bor.
Sardor Ali
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter