Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiyning bayonoti bomba portlashidek aks sado berdi

Zelenskiyning bayonoti bomba portlashidek aks sado berdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 17-oktyabr kuni bergan bayonot, oradan bir necha kun o‘tganiga qaramay, hali-hamon faol muhokama qilinmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu borada munosabat bildirdi. Yanglish talqinlar ortidan Zelenskiyning o‘zi fikrlari yuzasidan tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi.

Ukraina yetakchisi Byursselda Yevropa kengashi majlisi yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv tafsilotlarini ochiqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, u sentyabr oyi oxirida AQShda Tramp bilan uchrashuvda Ukraina himoyasi uchun NATOga a’zolik muhim ekanini aytgan. Zelenskiy Rossiya yadro qurolidan voz kechish evaziga Ukraina daxlsizligi ko‘zda tutilgan Budapesht memorandumi talablariga rioya etmaganiga ham e’tibor qaratgan.

“Yadro quroliga ega katta mamlakatlar orasida kim jabr ko‘rdi? Hammami? Yo‘q, faqat Ukraina. Kim o‘z yadro qurolini qo‘shqo‘llab topshirdi? Hammami? Yo‘q, faqat Ukraina. Kim bugun jon olib jon bermoqda? Ukraina. Shu sababli ham hozirgi holga tushdik. Men Donald Tramp bilan suhbatda unga bunday dedim: “Vaziyatdan chiqish yo‘li qanday? Yoki Ukraina yadro quroliga ega bo‘ladi (bu biz uchun himoya vazifasini o‘taydi), yoki biz biror ittifoqqa a’zo bo‘lishimiz kerak. Ayni paytda NATOdan bo‘lak harakatdagi ittifoqni bilmaymiz”, – deb bayonot bergan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti Kiyev yadro qurolini emas, balki NATOga a’zolikni tanlashi haqida alohida ta’kidlaganiga qaramay, uning bu bayonoti bomba portlashidek kuchli aks sado berdi. Xususan, asosan Rossiya manfaatlarini ifodalovchi OAVda “Ukraina yadro quroliga ega bo‘lishga intilyapti” degan mazmunda xabarlar tarqaldi.

Zelenskiy turli talqinlarga sabab bo‘lgan bayonotiga izoh berdi.

“Biz hech qachon yadro quroli yaratishga harakat qilayotganimiz haqida gapirmaganmiz. NATOga a’zolikdan bo‘lak muqobil yo‘l yo‘qligini aytganmiz, xolos”, – dedi siyosatchi NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.

Bu orada bahslarga sabab bo‘lgan masalaga Rossiya rahbari Putin ham aralashib, Moskva Kiyevning yadro quroliga ega bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymasligini urg‘uladi.

“Bunday tahdidga Rossiya Federatsiyasi tegishli tarzda javob beradi”, – dedi Putin.

Zelenskiyning izohiga qo‘shimcha ravishda Ukraina tashqi ishlar vazirligi ham bayonot berdi.

“Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma xalqaro xavfsizlik global arxitekturasining poydevori bo‘lib qoladi deb hisoblaydi. Rossiya bosqini davom etayotganiga qaramay, Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma talablariga rioya qilishdan chekinmaydi va yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha xalqaro tartibning mas’ul ishtirokchisi bo‘lib qoladi”, – deyiladi rasmiy Kiyev bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, 1994-yilning dekabrida Vengriya poytaxti Budapesht shahrida tashkil qilingan uchrashuvda Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya yetakchilari Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilayotgani munosabati bilan unga xavfsizlik kafolati va’da qilishadi.

Ukraina xavfsizlik kafolati evaziga Sovet Ittifoqidan meros yadro zaxirasidan voz kechishga, Rossiya 1900 ga yaqin yadro kallagini demontaj qilishiga rozilik beradi. O‘sha paytda Ukraina yadro quroli zaxirasi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda edi.

Ukraina Rossiya Budapesht kelishuvi talablarini buzgan holda 2014-yilda Qrimni anneksiya qilgani va mamlakat sharqidagi ayrim hududlarni bosib olganini tanqid qilib keladi. Kiyev Rossiya tomonidan 2022-yil 24-fevral kuni boshlangan bosqinchilik urushini Budapesht kelishuvining takroran buzilishi deb hisoblaydi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring