Trampning qarori Isroilni xavotirga solib qo‘ydi

AQSh Suriyadan 600 ga yaqin harbiy xizmatchisini olib chiqib ketadi. Isroil tomoni Vashingtonning bu qarorini mintaqadagi rejalariga tahdid o‘laroq ko‘rmoqda.
AP axborot agentligi xabariga ko‘ra, prezident Donald Tramp ma’muriyati Suriyadagi harbiy kontingentni bosqichma-bosqich qisqartirish va yaqin istiqbolda butunlay tugatishni rejalashtirgan.
Dastlabki bosqichda 600 nafar askar olib chiqiladi. IShIDga qarshi kurash hamda kurd ittifoqchilarini dastaklash uchun 1000 chog‘li askar qoldiriladi.
So‘nggi yillarda AQSh askarlari Suriyadagi IShID bo‘linmalariga qarshi kurashda ishtirok etdi hamda Turkiyaga qarshi kayfiyatdagi kurd guruhlarini qo‘llab-quvvatlab keldi.
2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS harakati hujumi ortidan Isroil G‘azo sektoriga bostirib kirgach, AQSh Suriyadagi harbiylari sonini 2000 nafarga yetkazdi.
2024-yil 8-dekabr kuni Suriyada Bashar Asad hokimiyati qulagach, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Tramp ma’muriyati ham Suriyada Amerika askarlarini saqlab turishni maqsadga muvofiq emas degan xulosaga keldi.
Damashqda hokimiyat almashishi bilan Isroil armiyasi Jo‘lon tepaligi osha Suriyaga hududiga kirdi. Asad rejimi qulashi ortidan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Suriya bilan 1974-yilda imzolangan bitim ham o‘z kuchini yo‘qotganini iddao qildi va o‘z harbiylariga Suriya bilan chegara hududi va uni nazorat qiluvchi pozitsiyalarni egallashni buyurdi.
Isroil so‘nggi oylarda Suriya bo‘ylab o‘nlab aviazarbalar berdi.
Tel-Aviv iddaosicha, harbiy ob’yektlar va qurollar “muxolif kuchlar qo‘liga tushishi va Isroilga tahdid uyg‘otishi mumkin”.
Tahlilchilar esa Isroil vaziyatdan foydalanib Suriyani yanada zaiflashtirishga urinmoqda deb hisoblaydi.
AQShning Suriyani tark etish rejasi Isroil tomonidan xavotir bilan qarshi olingan. Tel-Aviv rasmiylari Vashingtondan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan. Ammo Oq uy bu so‘rovni rad etgan.
Gap shundaki, Isroil Suriyadan AQShning chiqib ketishi ortidan Turkiyaning ta’siri oshishidan xavotirda.
Turkiya Suriyaning yangi hukumati bilan harbiy baza tashkil etish hamda suriyalik askarlarni harbiy tayyorgarligiga ko‘maklashish borasida bitim imzolashi kutilmoqda. Bu esa Isroil tomonidan xavfsizlikka tahdid deb qabul qilinmoqda.
Ayni paytda Isroil harbiy uchoqlari Suriya havo hududi bo‘ylab to‘sqinliksiz harakatlanayotganini ko‘rish mumkin. Mamlakat hududida Turkiya harbiy bazasining tashkil etilishi Isroil uchoqlarini bu tariqa o‘zboshimcha parvozlari va bombardimonlariga chek qo‘yadi.
Avval xabar berganimizdek, Isroil bosh vaziri Netanyahu 7 aprel kuni AQShga tashrifi payti prezident Trampga Suriyada Turkiyaning ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgan va bu bilan Anqaraga bosim o‘tkazish zarurligiga shama qilgan edi. Tramp bu shamaga e’tibor qaratmagan, boz ustiga, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan do‘stona munosabatda ekanini ta’kidlab, Netanyahuga bu masalada “aql bilan ish yuritish”ni tavsiya etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter