Qur’onni yoqib yuborgan shaxs Norvegiyada qo‘lga olindi va Shvetsiyaga deportatsiya qilinadi
Shvetsiyada Qur’onni yoqib yuborgan Salvan Momika Norvegiyada qo‘lga olindi va Shvetsiyaga deportatsiya qilinadi. Bu haqda Oslo sudiga asoslanib Aftonbladet gazetasi xabar berdi.
Oslo sudi ma’lum qilishicha, «barcha rasmiy va amaliy choralar ko‘rilgach, deportatsiya amalga oshadi».
Momika 28-mart kuni Norvegiya politsiyasi tomonidan hibsga olingandi.
Shvetsiyada yashash huquqiga ega aslida iroqlik muhojir Salvan Momika o‘tgan yil 27-iyun, Qurbon hayitining birinchi kunida Stokgolm shahridagi bosh masjid oldida muqaddas Qur’on kitobini omma oldida yoqib yuborgan edi. Avgust oyida bu ishini iroqlik boshqa bir muhojir Salvan Najem bilan birgalikda yana takrorladi.
Ushbu qilmishlar musulmon mamlakatlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Shvetsiyaning o‘zida minglab odamlar norozilik namoyishlariga chiqdi. Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zolik uchun arizasini rad etish bilan tahdid qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qur’oni karim yoqib yuborilganini yovuz harakat deb atab, keskin qoraladi.
2023-yilning oktyabrida Shvetsiya muhojirlik masalalari organi Momikaga berilgan yashash huquqi muddatini uzaytirmaslikka qaror qildi, chunki u boshpana berishni so‘rab yozgan arizasida yolg‘on ma’lumotlarni kiritgan. Avvalroq unga Qiynoqlarga qarshi konvensiya asosida mamlakatda qolishiga ruxsat etilgan edi.
2024-yil fevralida Momika Shvetsiya muhojirlik boshqarmasi uni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida chiqargan qaror ustidan Shvetsiya muhojirlik masalalari sudiga apellyasiya bergan, ammo rad javobini olgandi. Sud qarori uni Shvetsiyada yashash huquqidan mosuvo qiladi. Bundan tashqari, uning mamlakatga besh yilgacha kirishi taqiqlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter