Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston xalqini tabrikladi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 16 dekabr – Mustaqillik kuni munosabati bilan mamlakat xalqiga yo‘llagan tabrigida hurriyatdan yuksak boylik yo‘qligini ta’kidladi.
«Bu kun xalqimizning ozodlik orzusi ro‘yobga chiqqan, davlatchilik an’analarimiz tiklangan kundir. Ana shunday qutlug‘ ayyomda ajdodlarimiz merosiga doimo sodiq bo‘lish, el-yurt istiqboli uchun katta mas’uliyat bilan yondashish muhimligini barchamiz chuqur anglaymiz. Zero, mustaqilligimiz hamma uchun mushtarak qadriyat va barcha yutuqlarimiz zamirida turgan bebaho boylikdir. Mustaqilligimizdan yuksak hech narsa yo‘q. Uni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir fuqaroning farzandlik burchidir», – deyiladi tabrikda.
Qozog‘iston strategik maqsadlari aniq davlat sifatida ertangi kunga ishonch bilan qadam tashlayotganini urg‘ulagan Q.To‘qayev xalqning mashaqqatli mehnati va hamjihatligi muvaffaqiyat omili bo‘layotganini qayd etgan.
«Birligimiz, jamiyatdagi tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash orqali barcha qiyinchiliklarni yengamiz va taraqqiyot yo‘lida yangi cho‘qqilarni zabt etamiz», – deyiladi qutlovda.
Qozog‘iston Mustaqilligi kuni (Tәuyelsіzdіk kүnі) davlat bayrami sanaladi. 1991 yil 16 dekabrda «Qozog‘iston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilingan va mamlakat suveren taraqqiyot yo‘lini tanlagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter