Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Inson huquqlari hamisha va har yerda ustuvor» – Kaya Kallas

«Inson huquqlari hamisha va har yerda ustuvor» – Kaya Kallas

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi, Yaqin Sharq mintaqasi, Sudan va boshqa hududlardagi ziddiyatlar tinch aholi vakillari, xususan, xotin-qizlar hamda bolalarning haq-huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan bergan bayonotda so‘z boradi.

«Bugun biz ilgari kuzatilmagan qurolli to‘qnashuvlar, insoniy buhronlar, iqlim inqirozlari, jazosizlik, notenglik va kuchayib borayotgan gender tengsizligiga duch kelmoqdamiz. Qoidalarga asoslangan va inson huquqlarini qadriyat deb bilgan xalqaro tartib sobitdir», – deyiladi bayonotda.

YeI bosh diplomatiga ko‘ra, tinchlik shunchaki urushning yo‘qligini anglatmaydi.

«Tinchlik har kuni muttasil mehnat, uni doimiy qo‘llab-quvvatlashga shay turish, inson huquqlari, tenglik, qadr-qimmat, odil sudlov va demokratiya yo‘lida kurashni talab qiladi. Inson huquqlari har yerda va hamisha, jumladan, ziddiyat yoki buhron davrida ham poydor bo‘lmog‘i lozim», – deydi K.Kallas.

YeI inson huquqlari himoyachilari, fuqarolik jamiyati vakillari, OAV xodimlari hamda tinchlik, haqiqat va adolat yo‘lida harakat qilayotgan barcha insonlarni dastaklashini urg‘ulagan diplomat uzoq muddatli ijobiy o‘zgarishlar inson huquqlari tantanasi yo‘lidagi kurashlar, xalqaro hamkorlik va yoshlar harakati mahsuli ekaniga e’tibor qaratgan.

Ta’kidlanishicha, Xalqaro inson huquqlari kuni YeIning inson huquqlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarish yo‘lida sabot bilan harakat qilishi, bu yo‘ldagi mas’uliyatini teran his qilishini yana bir karra tasdiqlaydi.

«Bu yil e’lon qilingan “Bizning huquqlarimiz, bizning kelajagimiz. Hozirning o‘zida!” shiori ham hech kim ko‘maksiz qoldirilmaydigan, adolatli, barqaror va farovon kelajak barpo etishda haq-huquq va erkinliklar himoyasi muhimligini ko‘rsatadi. Inson huquqlari barcha insonlar uchun mushtarak bo‘lgan huquqiy, axloqiy va amaliy kafolatlardir», – deydi YeI bosh diplomati.

Siyosatchi tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish qonun ustuvorligi va inson huquqlari rioyasiga bog‘liq ekanini qayd etarkan,  dunyo davlatlarini bu boradagi majburiyatlarini og‘ishmay bajarishga chaqirgan.

«YeI butun jahon bo‘ylab insonlarning huquqlarini targ‘ib qilish va himoya qilishda davom etadi – Sizning huquqlaringiz, sizning kelajagingiz, hozir va har doim!» – deydi K.Kallas.

Eslatib o‘tamiz, 2021–2024 yillarda Estoniya bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Kaya Kallas joriy yil 1 dekabrdan YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti vazifasida ish boshladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring