Boy va kambag‘al — kimning qorni tez to‘yadi?

Darem universiteti (Buyuk Britaniya) olimlari aniqlashicha, yuqori daromadli odamlar qorin to‘yganini kelib chiqishi nisbatan past ijtimoiy qatlam vakillariga nisbatan yaxshiroq his etishadi. Tadqiqot natijalari Food Quality and Preference (FQR) jurnalida e’lon qilindi.
Tajribada turli ijtimoiy qatlamlarga mansub 96 talaba qatnashdi. Ularning har birining oldiga 70 bo‘lakdan sutli shokolad bilan to‘la likopchalar qo‘yilib, istaganlaricha tanovul qilish, shuning barobarida, shirinlik mazasiga baho berish taklif etildi.
Degustatsiya jarayonida olimlar yurak urishining variabelligini o‘lchashdi. Bu ko‘rsatkich miya va ichak o‘rtasidagi aloqani, qolaversa, ochlik va to‘qlik hissini tartibga soluvchi «daydi nerv»ning faolligini aks ettiradi.
Tadqiqot yetakchi muallifi Mario Veykning aytishicha, nisbatan o‘ziga to‘q oilalardan chiqqan qatnashchilar tananing ichki signallariga quloq tutib, to‘qlikni his etishlari bilan yeyishni to‘xtatishgan. «Kam ta’minlangan» oilalarda o‘sgan talabalarda tana signallari kuchsiz bo‘lib, me’yordan ortiq yeyish aynan ular o‘rtasida ko‘proq kuzatildi.
Shu paytgacha ovqatlanish ko‘nikmalari qator tashqi omillar, xususan, ovqatlanish imkoniyatlari hamyonbopligiga qarab shakllanadi, degan tushuncha bor edi. Yangi tadqiqot inson qanchalik o‘z tanasi signallarini sezishi ham muhimligini ko‘rsatmoqda. Hozircha tajriba shokolad bilan o‘tkazildi, endi olimlar bu effekt boshqa taom turlari bilan qanday yuz berishini sinab ko‘rishmoqchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter