Bizga ko‘p bolalar yozuvchilari kerak
Kecha bir isbotlab bo‘lmas xulosaga keldim. Janubiy Koreyada ko‘p kutilgan bir bayram bo‘ldi. Koreyalik yozuvchi Han Kang adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Buni Koreya xalqi juda uzoq kutgan edilar. Oxirgi 5-6 yilda ularga Nobel olish uchun bir ikki qadamgina yetmay turgan edi. Bu borada ko‘p ilmiy izlanishlar qilindi, tadqiqotlar olib borildi. Koreys tilidagi kitoblarni boshqa tillarga o‘girish borasida ham katta ilmiy ishlar qilindi. Nobel mukofotini olish bu omad emasligini ular juda yaxshi tushunadilar. Nihoyat 2024- yilda Koreya uchun adabiyot sohasida ilk Nobel qo‘lga kiritildi. Kechadan beri kitob do‘konlari va kitob sotadigan saytlar to‘lib ketgan. Hamma sovrindorning kitobini sotib olishni istayapti.
Mening xulosam esa bu bayramning bolalar adabiyotiga aloqasi haqida. Nobel olishdan oldin koreyalik yozuvchilar bir necha bor bolalar adabiyotiga oid dunyodagi eng katta sovrinlarni qo‘lga kiritgan edilar. Xalqaro darajadagi eng nufuzli mukofotlarga ega bo‘ldilar. Bu sovrinlarni adabiyot olamida kichik Nobel deb ham ataydilar. Ya’ni Han Kang o‘zi yozuvchi bo‘lishidan oldin bolaligidan boshlab juda ko‘p sifatli bolalar adabiyotini o‘qib chiqqan.
Demak, bizning mualliflar ham Nobel olishlari uchun avvalo, bolalar adabiyoti mualliflari ko‘payishi, bolalar ko‘p kitob o‘qishi, kitobxonlik madaniyati bolalikdan shakllanishi kerak. Ana shundan so‘ng bolaligidan ko‘p kitob o‘qiganlar katta bo‘lgach ajoyib asarlar yozib Nobel mukofotiga sazovor bo‘la oladilar.
Bolalaringizga ko‘proq o‘zbek tilidagi bolalar kitobini olib bering. Bu yo‘l bilan siz oz bo‘lsa-da O‘zbekistondagi muallif, nashriyot, kitob bozori, o‘quvchi tizimini rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan bo‘lasiz.
Dinara Mo‘minova, bolalar yozuvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter