Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Barchamiz suv ostida edik» — Afg‘onistonliklar halokatli toshqin haqida gapirib berishdi

«Barchamiz suv ostida edik» — Afg‘onistonliklar halokatli toshqin haqida gapirib berishdi

O‘tgan hafta Afg‘oniston shimoli-sharqida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida uylar suv ostida qolgan, yo‘llar vayron bo‘lgan  va yuzlab odamlar halok bo‘lgan.

Jabrlanganlarning aksariyati eng yaqin shahardan bir necha soat uzoqda joylashgan hududlarda yashaydi.

BBC mintaqaning eng ko‘p jabrlangan qishloqlaridan biriga bordi va bolalar suv toshqini ostidan qutqarilgani haqidagi hikoyalarni birlashtirish uchun o‘sha paytda olingan dalillar va tasvirlarni to‘pladi.

O‘tgan juma kuni suv bosganda Nur Ahmad oilasi bilan uyda edi.

Qochish imkoniyati bo‘lmagani uchun, uyining devorlari bardosh berishiga umid qilib, oilasining sakkiz a’zosini tomga olib chiqishga qaror qildi.

Ular har tomondan qizil-jigarrang loyqa suv oqayotganini ko‘rishdi.

Avvaliga hovli devorlari qulab tushdi. Keyin bino quladi va oilaning sakkizta a’zosini ham oqizib ketti.

«Devor qulaganda, men hamma narsani yo‘qotdim deb o‘ylaganimni eslayman»,– deydi Nur. Hozir uning uyi oldida chodir o‘rnatilgan.

«Suv ostida qolganimda hammamiz o‘lib ketamiz deb o‘ylagandim. Yo Xudo, iltimos, jonimni tezroq ol va muammolarim tugaydi» – deb umid qildim.

Nur suv oqimida boshini devorlarga, toshlarga va daraxt ildizlariga urganini eslaydi. Uning chap qo‘li, o‘ng oyog‘i va boshi mahkam bog‘langan.

«Boshimdagi teri kesilgan edi, juda katta qismni tikishlariga to‘g‘ri keldi», – deydi u, o‘lchash uchun kaftini ko‘rsatib. «Oyog‘im va qo‘lim singan, lekin men tirikligim va shu ahvolda ekanligim uchun Allohga shukr deyman».

Nur bodom daraxtiga yopishib omon qoldi. Ammo xavfsiz o‘rnashib olgach, uning 10 yoshli qizi Zulayho g‘oyib bo‘lganini sezdi.

Nurning uyi qarshisida masjid bor, u yana bir qutqaruv joyiga aylandi.

Bolalar qalin, loyga botgan tom ustida bir-biriga suyangan holda o‘tirishar edi. Ularning barchasi suv toshqini ostidan olib chiqildi.

Habibulloh ularni qutqarishga yordam berganlardan biri.

«Men masjidda edim, eshikdan suv oqimi keldi», – deydi u — «Hammamiz suv ostida edik. Ba’zilar tomga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Boshqalarning yordami bilan derazani sindirdik. Men bolalarni ro‘mol bilan bog‘ladim, keyin do‘stim ularni tomga olib chiqdi».

Ba’zilarning boshi va yuzlarida jarohatlar va ko‘karishlar bor.

Biz jami sakkiz bolani qutqardik, eng kichigi atigi uch oylik.

Ayni paytda, quyi oqimda, 18 yoshli Elhamuddin suv toshqinida bo‘lgan voqeani aytib berdi. Uning oilasi dala tarafdagi katta daraxtda qandaydir bir harakatni payqashadi.

Bu Nur Ahmadning qizi 10 yoshli Zulayho edi.

«Oqim uni olib ketishidan qo‘rqib, daraxt yoniga chalqancha suzardi»,– deydi Elhamuddin.

«Otam va onam u yerga bormaslikni, aks holda sel olib ketishini aytdilar, lekin shunchaki o‘tira olmadim»,– deb tushuntiradi Elhamuddin. — «Nihoyat, u yerga yetib borib, uni uyimga olib keldim. Bu ishni uddalay olishimni bilar edim».

U ko‘krak qafasining balandligiga ishora qiladi.

«Suv bu yergacha yetdi. Men uni orqamga opichlab, uyimizga olib keldim. Tanasining katta qismi shikastlangan».

Zulayho loyga botgan, horg‘in ahvolda, ammo tirikka o‘xshardi. Oilasining aytishicha, u hozir qarindoshining uyida va ancha tuzalib qolgan.

Elhamuddin, uning singlisi va onasi Zulayhoni kasalxonaga yuborishdan oldin yaralarini tozalashga yordam berishganini aytishdi.

«Men ular bilan faxrlanaman»,– deydi Elhamuddinning otasi. — «Ular butun Afg‘onistonning faxri. Ular butun dunyoning faxri».

Nur qizi qutqarilgandan beri uning hayotini saqlab qolgan oilani birinchi marta ko‘rdi.

Elhamuddin otasi bilan Nurning chodiriga yetib kelgach, u yig‘lay boshlaydi.

«Mening uyimdan faqat to‘rtta g‘isht qolgan», – deydi Nur. — «Menda hozir hech narsa yo‘q, lekin men sizga butun dunyoni berganimda ham, bu menga qilgan yaxshilingizga teng  bo‘lmaydi».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring