Argentina yarim asrlik tanaffusdan so‘ng qoramollar eksportini tikladi

Argentina go‘shtga boqilgan qoramollar eksporti bo‘yicha 50 yildan uzoqroq davom etgan cheklovni bekor qildi. Bu haqda Nieuwe Oogst portali xabar berdi.
Mamlakat prezidenti Xavyer Mileyning fikricha, ushbu chora katta raqobat, katta erkin bozor va ko‘proq xorijiy valyuta kirib kelishiga yo‘l ochadi.
Ekspertlarning kuzatuvlariga ko‘ra, Turkiya, Iroq, Livan, Iordaniya, Misr, Peru va Kolumbiya kabi mamlakatlarda Argentinaning yirik shoxli qoramollariga talab yuqori.
Mamlakatda go‘shtga boqilgan qoramollar eksporti 1973-yilda taqiqlangan edi. O‘z navbatida, sovitilgan va muzlatilgan mol go‘shti eksportida Argentina jahonda yetakchilardan hisoblanadi.
Argentina mol go‘shti eksportini o‘tgan yili 10 foizga oshirib 935 261 tonnaga yetkazdi va 1924-yil rekordini yangiladi. Mamlakatning asosiy mijozlari — AQSh, Xitoy, Meksika, Kanada va Malayziya.
Ta’kidlash kerakki, uning qo‘shnisi — Braziliya yirik qoramollar eksportini 2010-yildan buyon amalga oshirmoqda va hozirga qadar 2,6 mln bosh atrofida qoramolni chetga sotdi.
Hayvonlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu yo‘nalishdagi eksportni taqiqlashni talab qilishmoqda, chunki uzoq yo‘lda hayvonlar azob chekadi. Hayvonlarni tashish sharoitlari uzoq o‘rganilganidan so‘ng, Yangi Zelandiya 2023-yilda tirik mollar eksportini man etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter