Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropacha ta’lim nafasi – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti uchun zamonaviy kampus qurilyapti

Yevropacha ta’lim nafasi – Samarqand xalqaro texnologiya universiteti uchun zamonaviy kampus qurilyapti

Yaqinda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati boshlangani haqida universitet axborot xizmati ma’lum qilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyidan universitet o‘zining yangi innovatsion kampus binosiga ega bo‘ladi.

Zamonaviy uslubda qurilayotgan kampusda universitetning o‘sib borayotgan imkoniyatlari to‘liq inobatga olingan. Ayni vaqtda universitetning «Tadbirkorlik va menejment» va «Axborot texnologiyalari» fakultetlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bilan bir qatorda «Koreya texnologiya va madaniyati kolleji» ham o‘z faoliyatini boshlagan.

Kampus binosining qurib bitkazilishi natijasida universitetda yana «Energetika», «Tog‘-kon sanoati», «Neft va gaz muhandisligi», «Yashil texnologiyalar», «Raqamli iqtisodiyot va elektron tijorat», «Sanoat va fuqarolik dizayni» hamda bakalavriatning boshqa yo‘nalishlariga ham talabalar qabul qilina boshlaydi.

Zamonaviy universitet tuzilmasi ham fundamental bilimlarga, ham tadbirkorlikka bo‘lgan ehtiyojlarga moslashuvchanlikka asoslangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi PF-60 sonli Farmoniga asosan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining tashkil etilishiga ham aynan ta’lim va ishlab chiqarishning amaldagi uyg‘unligi asos bo‘la oldi.

Mazkur universitetning tashkil etilishi davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yilgacha O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari sonini kamida 50 taga yetkazish bo‘yicha belgilangan maqsadning bir qismi hisoblanadi.

«ERIELL» kompaniyasi boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov homiyligida ish boshlagan universitetning yangi binosi qurib bitkazilishi qisqa muddatlarda, aniqrog‘i joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlanadi. Unda zamonaviy, jahon talablari darajasidagi kutubxona shuningdek, Tillar markazi (Language Center), Axborot texnologiya markazi (IT Center), WIN Center (Samarqand-California), shuningdek, abituriyentlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan Tayyorlov maktabi va O‘zbek tili madaniyati markazi kabi bir qator markazlarni tashkil etish uchun tegishli auditoriyalar ajratiladi.

Kampusda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy yotoqxona binosi hamda ularning faol hordiq chiqarishi maqsadida sport inshootlari qurish ham ko‘zda tutilgan.

Xalqaro standartlar va metodikalar asosida puxta ishlangan ta’lim strategiyasi zamonaviy muhandis kadrlarni tayyorlash imkonini beradi. Shuningdek, kampusda yaratilayotgan sharoitlar SXTUni O‘zbekistondagi nufuzli innovatsion-texnologiya universitetlardan biriga aylanishiga zamin yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring