«Menga jo‘ralarimni topib bering, dada!»
Yaqinda Buxoroning chekka tumanlaridan birida sodir bo‘lgan ayanchli voqea ko‘pchilikni larzaga soldi. Voqelikka xabar tariqasida yondoshmadik. Bunday xatoni takrorlamaslik boshqalarga o‘rnak bo‘lsin.
Sunnat to‘yi. Oddiy kasb-kor egasidan tortib, kazo-kazolargacha bor. Og‘iz ko‘pirtirib, to‘ychi dasturxonini maqtayotganlar kim, quloqni qomatga keltiruvchi musiqa ostida beo‘xshov raqsga tushayotganlar kim... to‘yni tomosha qilayotgan yoki taom yeyayotgan birorta bolaga ko‘zingiz tushmaydi. «Bolajonlarga tegishli to‘yda kattalarning maza qilishi taajjublanarli-da. Ko‘p yig‘inlar – to‘y, tug‘ilgan kunlarda «sog‘lik-tinchlik»ka yo‘g‘rilgan tilaklar o‘rnini «boylik, to‘kinlik»ka xos tilaklar egallab olayotgani og‘riqli.
To‘rda to‘ybola. Atrofini baland-parvoz tilaklar aytib, qadah cho‘qishtirayotgan mast-alastlar o‘rab olishgan:
— Men shu qadahni to‘ybolaning yorqin kelajagi uchun ko‘tarishingizni istardim...
— Men qadah so‘zimda otasi topgan mol-davlat, hovli-joy shu to‘ybolaning yaxshi kunlarida xizmat qilishini tilayman.
Qadahga sig‘inib aytilayotgan tilaklarga to‘ybola parvo ham qilmaydi. O‘g‘lini xomush ko‘rgan ota unga ishshayib tikildi-da, hammaning oldida tavoze bilan:
— Toy, bugun to‘yingiz bo‘lsa, xomush ko‘rinasiz, topgan-tutgan davlatim sizniki, mana bu ham sizdan, — deya uning qo‘liga mashina kalitini tutqazishga chog‘landi.
— Yo‘q, kalit kerakmas, o‘ynagim kelayapti! Menga to‘yxona darvozasi yonidan qaytarib yuborganingiz — jo‘ralarimni topib bering, dada! —yig‘lab yubordi to‘ybola.
To‘ybolaning jovdirab aytgan so‘zlaridan hamma dong qotdi. Ota talmovsiradi.
***
7-8 yoshli uch-to‘rt bola to‘yning bezatiqli dasturxoni atrofida o‘tirishib, shodiyonalarni ham hayrat, ham quvonch bilan kuzatib turishibdi. Ahyon-ahyonda dasturxonga totilgan noz-ne’matlarga o‘g‘rincha ko‘z yugurtirishadi. Qo‘l uzatishga cho‘chishadi. Chunki to‘ychi amaki qattiq ogohlantirib ketdi-da! Yo‘q. Bolalar bolaligiga borishdi. Shirinliklardan bir-ikki tatib ko‘rishdi. Shu payt qayerdan ham to‘ychi amaki paydo bo‘ldi-yu, bolalarni siltovlar bilan quvib soldi.
To‘y-tomoshalardan zavq olishda bolalarning ham ozgina bo‘lsa-da, haqi borligini unutib qo‘ygan kattalar ko‘ngilxushlik, ya’ni faqat o‘zlarinigina ovuta oladigan, obro‘ keltiradigan turli marosimlaru yig‘inlarni o‘ylab topish bilan ovora. Bori-yo‘g‘imni sochay, deb to‘ylarning to‘s-to‘polon bo‘lib tugashini ham, to‘s-to‘polonlarni jimgina kuzatayotgan ham shu kattalar emasmi?!
7-8 yoshli bolalarni to‘y darvozasidan kiritmaydigan, to‘rt kunlik dunyo, yoshliging qaytib kelmaydi, deb hali voyaga yetmagan o‘g‘li bilan qadah cho‘qishtiradigan ota-onalarni ham, to‘ychilarni ham ko‘p uchratamiz.
Voqelik avvaliga qaytadigan bo‘lsak, shirakayf holda sunnat to‘yini o‘tkazib, 7 yashar to‘ybolasiga atab olgan mashinasida to‘yxonadan qaytayotgan ota rulni boshqarolmay qolgan. Mashina simyog‘ochga urilgan. Oqibatda mashinasining oldida o‘tqazib qo‘ygan to‘y bola — farzandining umriga zomin bo‘lgan. Ota norasidasining orzu-armonlarini yakson qilgan bu to‘y oqshomida uning baxtu-taxti uchun qadah ko‘targan edi. To‘ybolasining to‘yida uning jajji jo‘ralarini, hatto, darvozadan yo‘latmagan ota endi o‘g‘lining tobuti boshida mo‘ltirab turgan qora ko‘z jo‘ralarini quvib solishga o‘zida kuch topa olarmikin?!
To‘y-hashamlarga yasan-tusan qilib, kiyinib borishdan tortib, sipolik bilan qadah cho‘qishtirib, tilaklar aytilishgacha go‘yoki «go‘zal madaniyat» deb sanaladi. Aslida, mana shu «go‘zal madaniyat» ostida nodonlik, riyokorlik yashiringan.
Faqat qadah so‘zi bilan baxtga erishib bo‘lmaganidek, kelajakka ham ruhiy poklanishsiz yuz tutib bo‘lmaydi. Bolalar baxti, kelajagi uchun qadah emas, qalbni tutaylik!
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter