Ruslan Nurudinov o‘z rekordini yangilab, uch karra jahon chempioniga aylandi
Bahraynda yakuniga yetib borayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi o‘z ishtirokini tugatdi. Yigitlarimizning chiqishiga Olimpiada chempioni Ruslan Nurudinov «oltin» nuqta qo‘yib berdi.
-109 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz dast ko‘tarish mashqida 182 kg bilan beshinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa ham, siltab ko‘tarish dasturida yuksak mahorat ko‘rsatib, 242 kg bilan 3 yil avval Toshkentda o‘zi o‘rnatgan jahon rekordini yangilashga erishdi. Shu tariqa, uning umumiy hisobda qayd etgan 424 kg natijasini hech bir atlet yangilay olmadi va Nurudinov uchinchi bor ikki kurash bo‘yicha jahon chempionligiga erishdi.
Dast ko‘tarish yo‘nalishida oltin medalga ega chiqqan Sharofiddin Amriddinov siltab ko‘tarishda 212 kg bilan oltinchi, umumiy hisobda esa 396 kg bilan beshinchi bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham, barcha yo‘nalishlardagi oltin medallar O‘zbekiston terma jamoasi vakillariga nasib etdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu dunyo birinchiligida qo‘lga kiritgan medallar 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronzaga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter