Turkiston shahriga alohida maqom berildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Turkiston shahrining alohida maqomi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qonunda Turkiston shahrining mamlakatning ma’naviy, tarixiy, madaniy, sayyohlik markazi va me’moriy merosi sifatida alohida maqomi belgilangan.
Hujjatda Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi va boshqa yodgorliklarni muhofaza qilish, arxeologiya va restavratsiya ishlarini tartibga solish, tarixiy-madaniy meros va milliy hunarmandchilikni tiklash, muhofaza zonasida binolarning balandligi va uslubiga cheklovlar joriy etish, arxeologik qo‘riqxona tashkil etish, shaharning tarixiy o‘ziga xosligini saqlab qolish bilan birga turizmni rivojlantirish va hayot sifatini yaxshilash kabi choralar ko‘zda tutilgan.
Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Turkiston shahri mintaqaning qadimiy madaniyat markazlaridan biri sanaladi. Shahar Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyatining ma’muriy markazidir.
Turkiston 2021 yilda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan «Turk dunyosining ma’naviy poytaxti» deb e’lon qilingan.
Shaharning eng ko‘zga ko‘ringan tarixiy-madaniy boyligi Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter