Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sudlar endi nikohdan ajralish ishlarida muhlat tayinlamasligi mumkin

Sudlar endi nikohdan ajralish ishlarida muhlat tayinlamasligi mumkin

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan majlisida «Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, qonun bilan Oila kodeksi, Uy-joy kodeksi, shuningdek, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yana-da kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.

Jumladan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilanmoqda.

Nikohdan ajratish masalasi o‘z vaqtida hal qilinmasligi ayrim hollarda ayollarning o‘z joniga qasd qilishi, bevaqt o‘limi kabi ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Ta’kidlanishicha, bu normaning amaliyotga joriy etilishi muntazam tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘lgan nizoli oilalarda og‘ir jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi.

Bundan tashqari, Qonun bilan Uy-joy kodeksiga qo‘shimcha kiritilib, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi xotin-qizlar huquqlarini yana-da mustahkamlashga, ularning turar-joy masalalarini qonuniy hal qilishga xizmat qiladi.

Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring