Daraxt shoxlariga «osilib» maktabga qatnayotgan bolalar (video)
Buxoroning Shanba aholisi: «Yo‘llar ta’mirtalab, ichimlik suvi yo‘q, maktab uzoq. Shunga ko‘nib yashayapmiz».
Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi 6 ta qishloqni o‘z ichiga olgan Shanba mahallasi tuman markazidan salkam 30 kilometrcha olis masofada joylashgan. Manzil sari xalqaro ahamiyatga molik tekis va ravon yo‘ldan yeldek uchib borar ekanmiz, yo‘llarimiz Xayr-xush mahallasiga tutashdi. Avvaliga oxirigacha asfaltlangan, deya o‘ylaganimiz ushbu yo‘l davomi ham ta’mirtalab bo‘lib chiqdi.
Xuddi shunday O‘zbakon mahallasining asosiy qatnov yo‘li ham bir nechta uzilishlarga ega: yo‘lning boshlanish va oxirgi masofalari asfaltlashtirilgan, oraliqda esa kamida 2-2,5 kilometrcha joy ta’mirga muhtoj. Shanba mahallasiga yetib borgunchalik uzoq masofali ta’mirga muhtoj yo‘llar haqida so‘zlamasa ham bo‘ladi. Dam o‘nqir-cho‘nqir, dam qumli va toshli, shag‘alli yo‘llarni avtoulovda qiyinchiliklar bilan bosib o‘tishga to‘g‘ri keldi.
Shanba, Dilorom, Obod mahalla, Hayrona, Oblogo‘y, Xalqobod, Shamsiobod qishloqlarini o‘z ichiga olgan Shanba mahalla fuqarolar yig‘ini aholi soni 2949 nafardan iborat. O‘quvchilar salkam 5 kilometr olis masofadagi maktabga qatnab o‘qishadi. Jami 7 kilometrdan iborat uzun va qisqa ichki yo‘llar asfaltlashtirilmagan, ular orasida, hatto, shag‘al ko‘rmagan yo‘llar ham yo‘q emas. Joriy yilning oktyabr oyi oxirlarida yoqqan ikki kunlik yomg‘ir aholining uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolarini yanada og‘irlashtirgan. Maktab o‘quvchilari yomg‘ir suvi ta’sirida «ko‘rpa» bo‘lgan loy yo‘llar va suv «hovuz»larini kechib o‘tishga majbur bo‘lishgan.
Biz murojaat kelib tushgan kunda emas, ayrim sabablar bilan yomg‘irdan keyingi kunlarning to‘rtinchisida manzilda bo‘ldik. Biroq, murojaat kelib tushgan Shamsiobod qishlog‘igina emas, ushbu qishloqqa kirib kelgunchalik yo‘llar ham ta’mirtalab ahvolda. Yo‘llar tor va ikki tomoni tut daraxtlari bilan to‘silgan. Ayniqsa, 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabidan uy-uyiga qaytayotgan o‘quvchilarni kuzatar ekanmiz, yelkasida o‘zidan katta papkani ilgan bolalar loyga botib qolmaslik uchun tut daraxtlari shoxlarini qayirib-qayirib, o‘zlariga yo‘l topib borishardi. Qaysidir bola velosipedda o‘tsa, qaysidiri «e, bor-ye» deb hali-hanuz qurimagan yomg‘ir suvlarini kechib o‘tadi. Avtoulovlarning «beli»gacha sho‘ng‘ib o‘tayotganini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Bu holat jonli nigohlarimiznigina emas, temir ko‘z kameralarniyam ezib yuborgan bo‘lsa, ajabmas.
«8-sinfda o‘qiymiz. 8 yildan beri shu ahvol. Ko‘nikib ham ketganmiz. Obod mahalla qishlog‘idanman. Harqalay, qishlog‘imiz shamsiobodlik sinfdoshlarimizdan yaqinroq. Qarang, ular har kuni oyoqlariga sellofan kiyib qatnashadi. Yo‘llarimiz ta’mirlanishini juda-juda istardik», — deydi o‘quvchilardan biri.
«E-e, bu yo‘llarning «odam» bo‘lishiga ishonmayman. Mana, men «Obod mahalla»danman. Nomiga mos bo‘lsa-da...» — deya achinish bilan kulib so‘zlaydi keyingi o‘quvchi.
O‘quvchi yoshlarning voyaga yetmagani bois, ularning ismi sharifini ochiqlamadik.
«Shamsiobod qishlog‘idanman. Bu muammolar yuzasidan tuman va viloyat hokimliklariga ham chiqdik, viloyat ichki ishlar boshqarmasining ham xabari bor. Necha yildan buyon juda ko‘p marta aytamiz, shikoyat qilamiz, befoyda. Yurtboshimiz yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga yelka tutish haqida ko‘p gapiradilar. Ammo, bizning bolalarimiz yog‘in-sochinli kunlarda maktabdan qanday ahvolda qaytayotganidan bu yerdagi mutasaddilar xabar olishsa bo‘lardi», — deydi Sharif Xudoyqulov.
Otaxonning so‘ziga fuqarolardan biri qo‘shiladi: «Bu yerdagi rahbarlar ham ahvoldan xabardor, kelishgan, ammo, «ko‘rishmagan», — deydi istehzoli kulib.
«Ahvol shu. Ko‘rib turibsiz, qishlog‘imiz tumanning eng chetida joylashgan. Biz-ku, mayli, keksalar uyda o‘tiramiz. Nevaralarimiz maktab qatnashadi. Xuddi daryodan kechgandek, loyga, suvga botib, uyga kirib kelishadi. Hech bo‘lmasa, qish-qirovli kunlarda yo‘lning chuqur va o‘ydim joylariga shag‘al tashlashsa bo‘lardi», — deydi Hamro Rajabova.
Onaxonning so‘ziga ko‘ra, ushbu ichki yo‘l 1974 yilda asfaltlashtirilgan. Undan keyin biror marta ta’mirlanmagan ham, shag‘allashtirilmagan ham. Murojaatlari e’tiborsiz qoldirib kelingan.
Bundan tashqari, fuqarolar maktabning mahalla bolalari uchun juda olis masofada joylashgani, hatto, mahalla fuqarolar yig‘ini ham qishloqdan 4 kilometrdan uzoqda ekanini bildirishdi. O‘rganuvimizga ko‘ra, maktab bolalari uchun avtobus xizmati yo‘lga qo‘yilmagan va bu haqda bosh ham qotirilmagan.
«Bizning o‘quvchilik davrimizda bor edi bunaqa avtobuslar. Bir necha marotaba bu talab bilan ham chiqqanmiz. Ammo, natijasiz qolgan», — deydi keyingi fuqaro.
«Toza ichimlik suvi masalasi ham juda og‘ir. To‘g‘ri, suv tashuv mashinalari orqali haftada ikki marotaba yetkazib beriladi. Ammo, quvurlar orqali tortilishi haqida bergan va’dalari «otam zamoni» edi», — deydi boshqa biri.
Aholini tinglar ekanmiz, mahalla raisi Lola Rajabova vaziyatni yumshatishga urinar va ularni mahalla tomonidan qilingan ishlar haqida so‘zlab berishga ham undar edi.
«Maktab o‘quvchilari qatnovi uchun avtobus ajratish masalasida menga murojaat bilan chiqishmagan. Agar shunday murojaat bilan chiqishganda edi, yuqori turuvchi tashkilotlarga bu masalani bildirardik», — deydi mahalla raisi.
«Uzr. Tayinlanganingizga salkam uch yil bo‘lgan ekan. Aholining muammosi yuzasidan murojaat bilan chiqishi zaruratmas, axir bor muammoni o‘zingiz ham ko‘ra bilishingiz kerak emasmi?» — deya so‘raymiz.
«Odamlar muammolar haqida gapirishadi, ammo, mahallada amalga oshirilgan ishlar haqida ham gapirish kerakmi? Shukurni ham bilish kerak-da! Yaqindagina yo‘llar shag‘allashtirilib, yo‘l chiqarildi. Mana, yaqinda bizning tashabbusimiz bilan bolalar bog‘chasi qurilishi boshlandi. Bog‘cha tiklansa, xudo xohlasa, o‘z-o‘zidan yo‘llar sozlanib, maishiy xizmat shaxobchalari ham ishga tushishi ehtimol. Fuqarolar olib chiqayotgan masalalar ham bor, to‘g‘ri. Tez kunlarda Islom taraqqiyot banki mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalar orqali barcha muammolar bartaraf etiladi», — dedi Lola Rajabova.
Jurnalistik surishtiruv davomida Obod mahalla, Oblogo‘y, Xalqobod qishlog‘i ichki yo‘llarining ham nosoz va ta’mirtalab ahvoldaligiga guvoh bo‘ldik.
«Sizlar bosib o‘tgan 4k-212 avtomobil yo‘lining 9-12 kilometri to‘la ta’mirlash dasturiga kiritilgan va to‘liq ta’mirlangan. Yo‘lning qolgan qismlari esa ta’mirlanib, shag‘allashtiriladi. Shanba mahallasiga tegishli 7 kilometrli yo‘l esa haqiqatan ta’mirtalab va bundan 50 yilcha ilgari asfaltlashtirilgan. joriy ta’mirlash uchun ham mablag‘ kerak. 1 kilometr masofani asfaltlashtirish uchun 700-800 million so‘m mablag‘ sarflanadi. Hozir esa aholining bu ichki yo‘llar borasidagi murojaatini joyida bartaraf etamiz», — deydi Vobkent tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi bosh muhandisi Sherzod Jo‘rayev.
Darhaqiqat, holat joyida Vobkent tumani hokimi topshirig‘i bilan aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan mahallaning ichki yo‘llarining abgor va nosoz joylarini shag‘allashtirish ishlari boshlab yuborildi. Zarur texnika vositalari hamda 50 nafarga yaqin mehnat kuchi jalb etildi. Bir necha soat ichida aholi o‘xshatmasiga ko‘ra, «yomg‘irdan daryo bo‘lgan» suvlar qochirilib, chuqurlar ko‘milib, shag‘allashtirildi.
Munosabat o‘rnida: Qishloqlarning ta’mirtalab ichki yo‘llari oralab yurar ekanmiz, aholi yashaydigan ayrim xonadonlar atrofi begona o‘t va tikanlardan tozalanmaganini, ko‘rkamlik va obodlikka e’tibor qaratilmaganini ham ko‘ramiz. Ayrimlarining shundoq darvozasi oldi o‘nqir-cho‘nqir, o‘ydim-cho‘ydim, yomg‘ir suvlari balchib yotganini kuzatamiz. Afsuski, hatto, qo‘lga bitta ketmon olib, o‘quvchilarga biroz qulaylik tug‘dirish uchun o‘z uyi oldining yomg‘irdan bo‘kkan xandaklari suvini qochirish chorasini ko‘rishmagani hafsalangizni pir qilmay qo‘ymaydi. Mahallada jami 1500 nafardan ortiq erkaklar istiqomat qilishar ekan. Bu qishloq erkaklari hech hasharga chiqishganmikin, degan savol tug‘iladi? O‘zi qilishi kerak yoki o‘zi qila oladigan ishni ham bajarmay, davlat idoralari ishchi-xodimlari ketmoniga qarab qolish hasharni bilgan xalqimiz uchun erishmasmikin?
Salkam 4 soat kuttirgan «elektriklar»
Ikki kunlik yomg‘ir Oblogo‘y qishlog‘i aholisiga ham ancha talofat yetkazgan. Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra, simyog‘ochlarda katta va o‘rta kuchlanishli elektr simlarining bir-biriga to‘qnashib ketishi oqibatida 15 nafarga yaqin fuqaroning elektr hisoblagichlari shikastlangan va kuygan.
«Qishloq transformatori 1968 yilda tiklangan. Har yili kamida 10 marta ta’mirlanadi. Ammo, yangilanmaydi. Simyog‘ochlarda ham katta va kichik kuchlanishli elektr simlari kesishmasi ustma-ust o‘tma shaklda ulangan. Bu mumkin emas, aslida. Shuning uchun ham elektr simlarining shamol yoki yomg‘ir ta’sirida bir-biriga to‘qnashib ketishi oqibatida elektr hisoblagichlar kuyib ketdi. 5 kun davomida xabar olishmadi. O‘zimizni chaqirib, o‘z hisobimizdan yangi elektr hisoblagichlarni sotib olishimiz aytildi. Murojaat etishga majbur bo‘ldik», — deyishdi fuqarolar.
Masalaga oydinlik kiritish uchun Vobkent tuman elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilaridan holat joyiga kelishini so‘radik. Tuman hokimligi mas’ullarining ham takror-takror «chaqiruvi» zoye ketdi. Salkam 4 soat ichida zo‘rg‘a yetib kelgan tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari asl muammo qolib, aholiga tegishli uy-joyining joylashuvi masalasi yuzasidan fuqarolar bilan bahsga bordi. Tuman hokimi o‘rinbosari esa korxona rahbariga aholi murojaati bilan bog‘liq masalaga e’tibor qaratishi talabini qo‘ydi.
Vobkent tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Jasur To‘rayev 15 nafarga yaqin fuqaroga tegishli bo‘lgan elektr hisoblagichlarning shikastlangani va kuygani masalasi o‘rganilgach, xulosalanishini bildirdi.
Oblogo‘y qishlog‘idan tushgan ushbu murojaat ham jurnalistik surishtiruv davomida joyida bartaraf etildi. Ma’lumotga ko‘ra, 0.4 kV kuchlanishdagi havo elektr uzatish tarmog‘ida kelib chiqqan nosozliklar sababli aholining 12 dona elektr hisoblagichlari shikastlangan. Tarmoqdagi nuqsonlar Vobkent tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari tomonidan bartaraf qilinib, zararlangan hisoblagichlar korxona hisobidan yangisiga almashtirildi. Ayni paytda iste’molchilarni tarmoqqa ulash ishlari olib borilmoqda.
«Rahbarlar otning kallasidek oylik oladi...»
Fuqarolar yaqin hududda sholi hosilining yetishtirilayotgani tomorqalarda zax suvlarining ko‘tarilib, yashash uylari, ekin maydonlari va daraxtlarga jiddiy ziyon yetkazganini aytmoqda.
Bugun odamlar muammolardan charchagan. Asabiylashish haddan oshgan, miyalar qobig‘idan chiqib ketgudek darajada.
«Rahbarlar otning kallasidek oylik olishni biladi, ammo, odamlarning dardi bilan ishi yo‘q. Jurnalist bo‘lsangiz, Shamsiobod qishlog‘iga boring. Sholikorning qilgan ishini ko‘ring. U tufayli uyimiz devorlari yorilib, ekin maydonlarimiz zax suvlarga to‘lib, daraxtlarimiz qurib ketdi», — deya jazavaga tushib so‘zladi shu qishloqda yashovchi fuqaro O‘tkir To‘rayev.
Ushbu fuqaroning ham murojaatini e’tiborsiz qoldirmaslik uchun uning yashash xonadoniga bordik. O‘zi aytganidek uy devorlari yorilgan. O‘zi tasvirga olgan videoga ko‘ra, uyining yerto‘lasi zax suvga to‘lib, devorlari nuragan. Ekin maydonida ham zax yuqori. Daraxt va ko‘chatlar qurigan.
«Boshqa qo‘ni-qo‘shnilardan ham so‘rab ko‘ring, uyiga kiring, tomorqasiyu ekinlari, hosillarini ko‘ring. Hammasi nobud bo‘lyapti. Yuz joyga chiqdik, ming bor murojaat qildik. Foydasi yo‘q. Asabiylashasan-da, odam, baqirasan-da, odam. Gapirsang, sang «yozuvchi» deyishadi», — deydi fuqaro O‘tkir To‘rayev bir daf’a ham mas’ullar bilan tortishuvdan to‘xtamay asabiylashgan ko‘yi.
Mas’ullar O‘tkir To‘rayevning murojaati ko‘rib chiqilgani, hatto, unga ko‘mak ham ko‘rsatilgani, «Zahro yulduzi» fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan chora ko‘rilgani, fuqaro esa eski muammolarni qayta-qayta ko‘tarib chiqayotganini bildirishdi. Shuningdek, sholikor tomonidan ziyon ko‘rgan fuqaro zararlari qoplab berilishi juda ko‘p bor tushuntirilganini so‘zlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman Melioratsiya va Tik quduqlar bo‘limi mutaxassislari ushbu masalani o‘rganishgan. Haqiqatan, Shamsiobod qishlog‘idagi 14 gektarlik maydon atrofidan Faravet kanali yuqoridan o‘tgan va suv aholi yerlariga zax bergan. Avgust oyining oxirida esa zax me’yoriga tushgan.
«Mutaxassislar joriy yilda zax suvning yuqori bo‘lganini o‘lchab ko‘rishdi. Va zaxning yuqori bo‘lganini bildirishdi. Ammo, bu zax sholi hosilini yetkazishdanmi yoki tabiiy holatdami, buni ham o‘z mutaxassislari o‘rganishmoqda. Ammo, aholiga amaliy yordam berdik. 1,5 kilometrcha zahkashlarni qazidik. Zax qochirish quduqlari ishga tushirildi. Zax suv pasaydi. Fermur xo‘jalik rahbarini chaqirdik, aholi bilan uchrashtirdik. Har bir qurigan ko‘chat o‘rnida ko‘chat o‘tqazish payti kelganda, 10 tadan ko‘chat olib berishini, yetkazilgan ziyonlarni qoplashini ko‘p bor tushuntirganmiz», — dedi tuman hokimi o‘rinbosari Ozod No‘karov.
Jurnalistik surishtiruv davomida sholizor oralab borar ekanmiz, fuqaro bu ekin maydonining o‘z yashash xonadonidan 70 metr masofada joylashganini, ammo, ta’siri oshayotganini bildirdi. Yonma-yon qator daraxtlar borki, biri qurigan, biri yam-yashil ekaniga, sholizorning shundoq yon ekin maydonlarida va unga yaqin boshqa xonadon tomorqalarida unchalik talofat yetkazmaganini ko‘ramiz.
«Biz yashaydigan hovli sholizordan ancha quyida va zax suvi ham shunga qarab yo‘naladi. Bundan tashqari, hozir mas’ullar zahqash tik quduqlari haqida so‘z ochishdi. Sholi hosilini serob olish va doimiy suv bilan ta’minlash uchun zax suv oqib o‘tadigan zahkash quvurlari osti o‘zboshimchalik bilan tuproq bilan to‘ldirilgan. Bu o‘z-o‘zidan zax suv yo‘lini to‘sadi, oqibatda aholi yashash uyi va ekin maydonlariga talofat yetkazadi. O‘rganib chiqishlarini va holatga qonun doirasida odilona javob berishlarini talab qilaman», — deydi fuqaro.
Laylo Hayitova, Xabar.uz muxbiri
Qo‘shimcha ma’lumot o‘rnida: Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov «Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi» ishtirokida 2022-2025-yillarda Vobkent tumanining 2 ta asosiy va ularga yondosh bo‘lgan 6 ta mahallasida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
«Dastur doirasida 8 ta mahallalar hududida 30 ta transformator punktlari o‘rnatish, 63,6 km elektr tarmoqlarini tortish, 68,0 km ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va 60,5 km ichki yo‘llarni ta’mirlash, jumladan «Shanba» MFYda 4 ta transformator punkti o‘rnatish, 10 km tarmoqlar tortish, 18,0 km ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va 5,5km ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ichimlik suvi tarmoqlarini tortish ishlarini loyihalash jarayoni olib borilayotganligini inobatga olgan holda, suv tarmoqlari tortilgandan so‘ng, yo‘llarni asfaltlashtirish, ta’mirlash ishlari bajariladi», — dedi Farhod Umarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter