Rossiya TIV rahbari MDH davlatlaridan kelgan migrantlar uchun viza rejimiga qarshi chiqdi

Markaziy Osiyo, Kavkazorti va boshqa sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan mehnat muhojirlariga nisbatan qat’iy yondashuv Rossiyaning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qilmaydi.
Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Davlat Dumasidagi hukumat soatida to‘xtalib o‘tdi.
«Ha, albatta, tartibni saqlash kerak. Ko‘plab qonunbuzarliklar migrantlar kelgan bir qator geografik yo‘nalishlarda qayd etilgan. Biz ularning xatti-harakatlari ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligidan kelib chiqyapmiz. Lekin to‘siqlar qo‘yish va ayniqsa viza rejimini joriy qilish Rossiya manfaatlariga xizmat qilmaydi», – deydi Lavrov.
TIV rahbarining ta’kidlashicha, ko‘rilayotgan choralar mehnat migratsiyasiga to‘sqinlik qilish emas, balki aynan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, masala YeOIIga a’zo davlatlar elchilari bilan muhokama qilingan va tomonlar migratsiya siyosatini tartibga solish zarurligini tushunishini bildirgan.
«Bularning barchasini eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan munosabatlarda hech qanday sun’iy to‘siqlar yaratmasdan amalga oshirish mumkin», – degan Sergey Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1-yanvardan Rossiyada migratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar kuchga kirdi. Unga ko‘ra, chet elliklarning Rossiyada vizasiz vaqtincha bo‘lish muddati ikki barobarga – yiliga jami 180 kundan 90 kungacha qisqartirildi. Bundan tashqari, 5 fevraldan boshlab chegarachilar, xususan, agar chet ellik Rossiya xavfsizligiga tahdid solishi mumkin deb hisoblasa, ular boshqa organlarga murojaat qilmasdan rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin.
2024 yilda Davlat Dumasi migratsiya siyosatini qattiqlashtiruvchi 14 ta qonunni qabul qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter